Tartib, intizom va shaxsiy javobgarlik har bir xodimning qat'iy qoidasiga aylanadi
Davlat aktivlarini boshqarish agentligida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Uni agentlik direktori A. Ortiqov olib bordi.
Yig‘ilishda agentlik markaziy apparati, tarkibiy bo‘linmalar va hududiy boshqarma boshliqlari ishtirok etdi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar natijadorligi tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi Farmoni va 28-oktabrda o‘tkazilgan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishining 85-son bayoni ijrosi yuzasidan markaziy apparat va hududiy boshqarmalar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Agentlik direktori A. Ortiqov Prezident Farmoni ijrosini bajarishda hududlarda yo‘l qo‘yilgan qator kamchiliklarni sanab o‘tdi. Jumladan, bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan, past rentabelli, faoliyatsiz korxonalarni tugatish ishlari yakuniga yetkazilmagan, davlat mulki ob'ektlari to‘g‘risidagi hisobotlarni tizimga kiritish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, xususiylashtirish dasturi doirasida davlat mulki ob'ektlari o‘z vaqtida savdoga chiqarilmagan, aktivlarni xususiylashtirish tushum prognozlari to‘liq bajarilmagan, joylarda tashkil etilgan Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikalariga kelgan murojaatlarning ayrimlari elektron dasturga kiritilmagan.
Shulardan kelib chiqib, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarmay, faoliyatida o‘zi bo‘larchilik va sansalorlikka yo‘l qo‘ygan agentlikning Namangan, Andijon, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmalari rahbarlari egallab turgan lavozimlariga noloyiq deb topilib, vazifalaridan ozod etildi. Agentlikning Xorazm, Surxondaryo, Farg‘ona, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahri hududiy boshqarmalari rahbarlariga ishdagi kamchiliklar uchun hayfsan e'lon qilindi.
Agentlik markaziy apparatining bir nafar boshqarma boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod etildi va 6 ta departament boshlig‘iga ishdagi kamchiliklari ko‘rsatib o‘tilib, so‘nggi marotaba ogohlantirildi.
Barcha rahbarlar uchun bir oy sinov muddati belgilandi, ishda o‘zgarish qilmagan rahbar va xodimlar egallab turgan lavozimidan ozod etilishi belgilab olindi.
Yig‘ilish natijasi bo‘yicha tizim oldida turgan vazifalar yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar tasdiqlandi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi