Investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyati sohalarida 2020-yilning dastlabki natijalari va 2021-yilga mo‘ljallangan vazifalar muhokama qilindi
Joriy yilning 26-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov rahbarligida hamda vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari, tijorat banklari, O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan videokonferensiyada 2020-yilda investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatining natijalari muhokama etildi hamda 2021-yilga investitsiyalarni jalb etish va eksportni oshirish borasida strategik maqsadlar va ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Tadbir davomida hududlar va tarmoqlar kesimida pandemiya sharoitlarida tadbirkorlar hamda eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yilda amalga oshirilgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Joylarga chiqqan holda tadbirkorlar duch kelayotgan masalalarni tezkor hal qilish bo‘yicha amaliy yordam berishga qaratilgan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ta'kidlandi. Hamkorlik samarasi koronavirusning tarqalishi va dunyodagi noqulay iqtisodiy vaziyat bilan bog‘liq cheklovlarga qaramasdan ishlab chiqarish va eksport sur'atlarini nafaqat saqlab qolish, hatto oshirish imkonini berdi.
Ta'kidlash joizki, butun jahonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar miqdorining 40 foizga pasayishi va 2020-yilda jahon savdosi hajmining 25 fozga kamayishi fonida, O‘zbekistonda yil yakunlari bo‘yicha jalb etilgan to‘g‘ridan – to‘g‘ri xorijiy investisiyalar hajmi avvalgi yildagiga nisbatan oshib, 6,6 mlrd dollarga yetishi va eksport ko‘rsatkichi - 15,1 mlrd dollar miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bu ko‘rsatkichlarga qurilish materiallari ishlab chiqarish, axborot-kommunikasiya, elektr, kimyo va yengil sanoat sohalarida yirik investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish, shuningdek, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, kon-metallurgiya va transport sohalarida tovar hamda xizmatlar eksportini sezilarli darajada oshirish orqali erishildi.
Shu nuqtai nazardan, mas'ul rahbarlarga joylarga chiqqan holda investitsiya loyihalari tashabbuskorlari va eksportchilar bilan ishlashni faollashtirish, tuzilgan eksport shartnomalari bo‘yicha yuborilayotgan yuklarning kunlik monitoringini ta'minlash, debitor qarzdorliklarning to‘lanishiga yordam berish, shuningdek, investisiyalar va eksportni jalb qilish ko‘rsatkichlarini ko‘paytirish uchun yangi imkoniyatlar va resurslarni aniqlash maqsadida idoralararo darajadagi yaqin hamkorlikni ta'minlash bo‘yicha manzilli ko‘rsatmalar berildi. Amalga oshirilayotgan sanoat loyihalarining o‘z vaqtida ishga tushirilishini ta'minlash yuzasidan ham ko‘rsatmalar berildi.
Muhokamalar chog‘ida kelgusi yil uchun dolzarb bo‘lgan masalalar ham ko‘rib chiqildi. Prognozga ko‘ra, 2021-yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar miqdori 7,5 mlrd dollarni, eksport hajmi esa 17 mlrd dollarni tashkil etadi. Investorlarni jalb etish va eksport salohiyatini yuksaltirish borasidagi ishlarni yanada samarali tashkil etish zarurligi alohida ta'kidlandi.
Belgilangan maqsadlarga erishishning eng istiqbolli vositalaridan biri – tadbirkorlarda kapital qo‘yilmalar va zamonaviy texnologiyalarni eng samarador tarmoqlar - "o‘sish nuqtalari"ga jalb etish orqali mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangilarini yaratish imkoniyatlarini xolisona tahlil qilish ekanligi qayd etildi.
Sanoat ishlab chiqarish hajmining o‘sishi, byudjetga soliq tushumlarining oshishi, eksportning ko‘payishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishi bilan ajralib turadigan eng yuqori iqtisodiy samaraga ega investitsiya loyihalarini birinchi o‘ringa qo‘yish zarurligiga urg‘u berildi. Moliyaviy ko‘mak berish, uzluksiz gaz, elektr energiyasi va boshqa resurslar bilan ta'minlash, shuningdek, xorijiy mijozlarni topish va mahalliy mahsulotlarni ilgari surishning mavjud bo‘lgan vositalaridan faol foydalanish orqali yangi istiqbolli bozorlarga chiqishni nazarda tutgan holda eksportchilar bilan yaqindan hamkorlik qilish muhimligi ta'kidlandi.
Chet eldagi diplomatik vakolatxonalar ishiga alohida e'tibor qaratilib, ularga xorijiy investitsiyalarni jalb etish va mahalliy eksportchilarga samarali yordam ko‘rsatishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish hamda ularning huquq va manfaatlari himoyasini ta'minlash yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Eksportni rag‘batlantirish agentligi rahbariyatiga milliy eksportchilar bilan ishlashni faollashtirish, xususan, eksportni oldindan moliyalashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, ichki tovarlarni xalqaro elektron tijorat saytlariga joylashtirish va ro‘yxatdan o‘tkazish hamda jahon bozorlariga o‘zbek brendlarini olib chiqish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, mavjud tizimli muammolarni hal etish va tadbirkorlar hamda eksportchilar bilan o‘zaro hamkorlikning yangi mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha qator soha va hududlar rahbarlarining takliflari eshitildi.
Muhokamalar natijasida barcha mas'ul rahbarlarga belgilangan maqsad va vazifalarning so‘zsiz hamda o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan manzilli topshiriqlar berildi va tegishli yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi