Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish, ular xotirasini abadiylashtirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoyishi ijrosini ta'minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbirda tashkiliy-amaliy tadbirlarning ijrosi, joylardagi ishchi guruhlar faoliyatini muvofiqlashtirish, qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyatini o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari, ularning ko‘rsatgan jasorati va ibratli faoliyatini targ‘ib etish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mas'ullarning hisobotlari muhokama etildi.
Shuningdek, hududlardagi ilmiy-ishchi guruhlar rahbarlarining axborotlari eshitildi.
Ko‘p jildlik “Qatag‘on Qurbonlari” xotira kitoblarini tayyorlash, qatag‘on qurbonlari haqida roman, qissa, drama, kinossenariy, monografiya va risolalarni, shuningdek tarixiy fakt va hujjatlar asosida maxsus to‘plamni yaratish, oliy o‘quv yurtlaridagi qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarini namunaviy holatga keltirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi