Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 87-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus ixtisoslashtirilgan yordamchi maktabda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktabrdagi “Xalqaro nogironlar kunini munosib o‘tkazish to‘g‘risida”gi 1-sonli yig‘ilish bayoni ijrosini ta'minlash hamda “Mehr-muruvvat oyligi”ni munosib o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan mazkur xayriya kechasida vazirlik mas'ul xodimlari, ta'lim muassasasi o‘qituvchilari, o‘quvchilar, ularning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ma'lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan bolalarning sifatli ta'lim olishini yo‘lga qo‘yish, ixtisoslashtirilgan yordamchi ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ta'lim-tarbiya jarayonida ularning ruhiy funksiyalari va salomatligini tizimli ravishda kuzatilishini tashkil etish maqsadida ilg‘or pedagogik uslublar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Natijada bu kabi yordamchi ta'lim muassasalarida ta'lim-tarbiya sifati, pedagog-tarbiyachilarning kasbiy mahorati tobora ortib bormoqda.
Qolaversa, mamlakatimizda “Mehr-muruvvat oyligi” doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar, o‘tkazilayotgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar nogironligi bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular holidan xabar olish kabi ezgu sa'y-harakatlarni yanada jadallashtirishga xizmat qilmoqda.
— Bugun mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun to‘siqlardan holi va inklyuziv muhitni yaratish orqali ularning to‘liq va sifatli ta'lim olishini ta'minlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Turg‘un Qirg‘izboev. — Xususan, yangi qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida ham davlat tomonidan nogironligi bo‘lgan bolalarning bepul umumiy o‘rta, maktabdan tashqari, o‘rta maxsus va professional ta'lim olishi kafolatlangan. Albatta bundan keyin ham mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan bolalarni jamiyatimizning barcha jabhalariga qo‘shish, ular hamma bilan teng bo‘lishi va o‘z o‘rinlarini topishi uchun shart-sharoitlar yaratish ishlari davom ettiriladi.
Tadbir so‘nggida ta'lim muassasasi o‘quvchilariga vazirlik tomonidan Yangi yil bayrami sovg‘alari ulashildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi