O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi yil yakunlari bo‘yicha jurnalistlarga hisobоt berdi
2020-12-25 | Jamiyat
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining 2020-yildagi faoliyati va 2021-yildagi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Anjumanda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni taʼminlash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirish, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yunalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ushbu yo‘nalishda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirilishi yuzasidan maʼlumotlar berildi.
Qo‘mita mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 144 ta milliy madaniy markaz va 38 ta do‘stlik jamiyati bilan faol hamkorlik qilmoqda. Shundan 4 ta milliy madaniy markaz va 2 ta do‘stlik jamiyati joriy yilda tashkil etildi.
O‘tgan davrda milliy madaniy markazlar ishtirokida qator tadbirlar, anjumanlar va xalqaro konferensiyalar tashkil etildi. Xususan, 9-16 noyabr kunlari yurtimizda «Maʼrifat va millatlararo bag‘rikenglik» shiori ostida «Bag‘rikenglik haftaligi» o‘tkazildi.
Bundan tashqari Samarqand shahrida “Nurafshon” do‘stlik uyi, Yuqorichirchiq tumani “Guliston” mahallasi hududida «Millatlar do‘stligi» madaniyat saroyi, Quyichirchiq tumani Do‘stobod shahrida qayta taʼmirlangan «Avliyo Pokrovskaya» ayollar monastri, Chirchiq shahrida qayta taʼmirlangan «Avliyo Georgiy» erkaklar monastri, Chinoz tumani “Eshonobod” mahallasi hududida “Eshonobod” madaniyat saroyi ochildi.
Tadbirda qo‘mita «xalq diplomatiyasi» mexanizmidan faol foydalangan holda tinch va farovon hayotni asrash, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish, chet eldagi vatandoshlar bilan yaqin va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga salmoqli hissa qo‘shayotgani aytib o‘tildi.
Gumanitar, madaniy, maʼrifiy va axborot sohalarida xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida do‘stlik jamiyatlari tomonidan Janubiy Koreya, Rossiya, Qirg‘iziston, Mo‘g‘o‘liston, Tojikiston, Qozog‘iston, Xitoy, Bolgariyadagi 21 ta hamkor tashkilot bilan memorandumlar imzolandi.
— Chet eldagi vatandoshlarimiz bilan muntazam aloqalarni rivojlantiryapmiz. Jumladan, jahonning 14 mamlakatida istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz tomonidan tuzilgan 27 ta tashkilot, 8 ta xorijiy davlatdagi 13 ta turdosh tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi, — dedi qo‘mita raisi Rustam Qurbonov. — Xorijdagi vatandoshlar bilan kelgusida amalga oshiriladigan tadbirlar rejasini ham ishlab chiqdik. Jumladan, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning farzandlarini yozgi taʼtil davrida mamlakatimiz dam olish maskanlariga jalb etish, O‘zbekistonning ziyorat turizm salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha vatandoshlar imkoniyatlaridan foydalanish kabi loyihalar ishlab chiqildi. Bundan tashqari yana bir asosiy tadbirimiz bor. Bu «Siz O‘zbekistonni bilasiz?» onlayn-viktorinasidir. Viktorina to‘rt bosqichda amalga oshiriladi. Shuningdek, xorijdagi do‘stlik jamiyatlarining modiy-texnik bazasini mustahkamlash, vatandoshlarni har tomonlama qo‘llab qo‘vvatlash va ularga o‘zbek badiiy adabiyotlari, milliy anʼanalarimizni targ‘ib etish maqsadida milliy kiyimlarimiz yetkazib berilishi rejalashtirilmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi