O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Afv etilgan shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashuviga ko'maklashish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilindi
2020-12-25 | Jamiyat
24-dekabr kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurashish qo'mitasining majlisi bo'lib o'tdi. Unda Senat a'zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda afv etilgan shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashuviga ko'maklashish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar, bandlik va mehnat munosabatlari hamda mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirlarining axborotlari eshitildi.
Ta'kidlanganidek, afv etilgan shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashuviga ko'maklashish bo'yicha bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, 2020 yilda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari bilan 512 nafar fuqaro afv etilgan. Ularning 316 nafari jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan, 196 nafarining jazo muddati qisqartirilgan. Davlatimiz rahbarining farmonlariga muvofiq jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan 6 nafar chet el fuqarosi O'zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuborilgan.
Bundan tashqari, ozod etilgan 310 nafar fuqaroning muammolari o'rganilib, ularning oila a'zolari bilan individual tarzda suhbatlar o'tkazilgan. Natijada ularning 865 ta muammosi mavjudligi aniqlanib, 310 nafar fuqaroning 288 nafari ishga joylashishi, 5 nafariga bola parvarishlash ta'tili berilishi, 13 nafar fuqaroga yoshga doir nafaqa, 4 nafariga nogironlik nafaqasi tayinlanishi ta'minlangan.
Shu bilan birga, o'rganish davomida hududlarda afv etilgan shaxslarning bir hududdan ikkinchi hududga doimiy yashash uchun ko'chib o'tganliklari ma'lum bo'lgani, ularning yangi ko'chib o'tgan joydagi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va tegishli davlat idoralari tomonidan hech qanday nazorat o'rnatilmaganligi qayd etildi.
Bu holatlar jazo muddatini o'tab qaytgan shaxslarga amaldagi tartib-qoidalar asosida ijtimoiy-maishiy sharoit yaratish sohasida tegishli tashkilotlar tomonidan etarli darajada ishlar olib borilmagandan dalolat berishi ta'kidlandi.
Shuningdek, majlisda afv etilganlarning murojaatlari to'liq o'z echimi topmaganligiga urg'u berildi. Jumladan, afv etilganlarning yashash xonadoni ta'mirlanishi, sog'lig'ini tiklash va moddiy yordam ko'rsatilishi kabi muammolar tibbiyot birlashmalari, tuman hokimliklari tomonidan bartaraf etilmaganligi senatorlar tomonidan tanqid qilindi.
Ko'rib chiqilgan masalalar yuzasidan Qo'mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
IIV JIeBB Axborot xizmati
Manba: O‘zbеkiston Rеspublikаsi Ichki ishlаr vаzirligi