O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi hududida tashqi savdo yuklarini bojxona nazorati ostida tashishni soddalashtirish, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Hujjatga muvofiq, bojxona nazorati ostida avtomobil' yo‘llarida tashilayotgan tovarlarning bojxona hamrohligidagi kuzatuvini tashkil etish hamda chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta'minlashni vakolatli shaxslar bilan real vaqt rejimida va interaktiv shaklda o‘zaro hamkorlik asosida hisobga olish va nazorat qilish tartiblari tasdiqlandi.
Shunga ko‘ra, harakat xavfsizligini ta'minlash maqsadida bojxona hamrohligida, maxsus jihozlangan avtomobillar yordamida kuzatib boriladigan tovarlar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi jo‘natuvchi hamda manzil bojxona postlarida, shuningdek, qabul qilish-topshirish punktlarida ustuvor tartibda amalga oshiriladi.
Bojxona hamrohligida kuzatuvni amalga oshirishda tashuvchi, yuk jo‘natuvchi yoki qabul qiluvchining sarf-xarajatlari bojxona organlari tomonidan qoplab berilmaydi.
Bojxona hamrohligida kuzatib borilayotgan transport vositalari ichki ishlar organlarining blok-postlarida to‘xtatilishi hamda tovarlarni ko‘rish uchun avtomobilning yuk bo‘lmasi ochilishi taqiqlanadi.
Chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona to‘lovlarini ta'minlash vakolatli shaxslar tomonidan elektron shaklda, onlayn taqdim etiladi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi