O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Bolajonlar akademiyada mehmon bo‘lishdi

2020-12-24 | Yoshlar

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini munosib nishonlash uchun yurtimiz bo‘ylab vatanparvarlik oyligi dasturi asosida turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. 

Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasiga qarashli «Barkamol avlod» bolalar maktablari to‘garaklarining ikki yuzdan ortiq a'zolari ishtirokida Qurolli Kuchlar akademiyasida ochiq eshiklar kuni tashkillashtirildi.
 
Yosh iqtidor egalari akademiyaning markaziy binosi oldida harbiy orkestr ijrosidagi kuy sadolari ostida kutib olindi. Markaziy binoda bolajonlarga hamrohlik qilgan ofiserlar tomonidan Jaloliddin Manguberdi, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk ajdodlarimiz portretlari qarshisida har bir tarixiy shaxsning faoliyati va hayot yo‘liga qisqacha to‘xtalib o‘tildi.
 
Shundan so‘ng «Barkamol avlod» bolalar maktablarining to‘garagi tarbiyalanuvchilari va ustozlari akademiya majlislar zalida atoqli shoir, dramaturg, nosir, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan «Asqad Muxtor – qalblar tarjimoni» deb nomlangan xotira kechasida ishtirok qildilar. Tadbirda «Ma'rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a'zosi, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchieva, «Guliston» jurnali bosh muharriri Mamatqul Hazratqulov, shoir Axtamqul Karim va boshqalar taniqli yozuvchining o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan boy merosi haqida to‘xtalib o‘tdilar. So‘zga chiqqan shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar adibning she'rlari, roman hamda qissalari buguni avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladilar.
 
 – Asqad Muxtor sobiq ittifoq tuzumi g‘oyalari keng targ‘ib qilinayotgan murakkab bir paytda o‘zbek xalqining tarixi, ma'naviyati va o‘sha davr muammolari haqida qo‘rqmay yoza olgan kam sonli adiblarimizdan biri bo‘lgan. 60-yillarda «Temur tuzuklari»ni «Guliston» jurnalida chop ettirishdagi faolligini haqiqiy qahramonlik, deyishimiz mumkin. Bundan tashqari uning she'rlarida ochiqchasiga sovet tuzumi g‘oyalariga qarshi chiqishlarni kuzatish mumkin, – deb eslaydi adibning shogirdlaridan biri bo‘lgan Mamatqul Hazratqulov.
 
Ochiq eshiqlar kuni davomida o‘quvchilar akademiya tarixi muzeyi, axborot-resurs markazi, kursantlar yotoqxonalari, zirhli jangovar mashinalar trenajyor kompleksi, sport zali va o‘quv sinflaridagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
O‘z navbatida o‘quvchilar o‘zlari tayyorlab kelgan bayram tuhfalarini namoyish etishdi. Tasviriy san'at, xalq hunarmandchiligi, kashtachilik, bezakchilik kabi bolalar ijodiga mansub namunalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. To‘garakning badiiy jamoasi a'zolari esa yig‘ilganlar e'tiboriga rang-barang repertuarlardan tashkil topgan konsert dasturini namoyish etishdi. Tadbir yakunida Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari va bolajonlar birgalikda esdalik uchun rasmga tushdilar.
 
Asror RO‘ZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi

Поделиться