“Mahalla raisi – islohotchi” tamoyilini joriy etish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Bugun Farg‘ona viloyati hokimligida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari B.Parpiyev ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 12-13 dekabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida mahalla tizimini qo‘llab-quvvatlashga doir belgilangan ustuvor vazifalarni amaliyotga joriy etish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Videoselektorda tuman, shahar hokimlari, vazirlikning viloyat va tuman bo‘linmalari rahbarlari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshliqlari hamda boshqa mas'ul tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda mahallaning tashkiliy-huquqiy asoslari yanada mustahkamlanib, oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tizimga yangi ish uslublarini keng tatbiq etish, soha xodimlariga aholi muammolari bilan ishlash uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish, ularga yaqindan ko‘maklashish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyati samaradorligini oshirish, mazkur tuzilmani xalqning eng yaqin maslakdoshiga aylantirish borasida hali sohada qilinadigan ishlar talaygina.
Shu bois Prezidentimizning Xorazm viloyatiga tashrifi davomida viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida mahalla institutining rolini oshirish, tizimdagi ishlarni “mahallabay” asosda tashkil etish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar belgilandi.
Yig‘ilishda ushbu topshiriqlardan kelib chiqqan holda Farg‘ona viloyati tuman va shaharlarida Ishchi guruhlar shakllantirilib, bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha muhim vazifalarni amalga oshirish belgilab olindi.
Jumladan, Ishchi guruhlar
– har bir mahallaning muammolarini 3 toifaga tasniflagan holda “drayver” va boshqa “o‘sish nuqtalari”ni aniqlaydi;
– mahallani iqtisodiy rivojlantirishdagi kamchilik va to‘siqlarni bartaraf qilish choralarini ko‘radi;
– mahalladagi mavjud sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob'ektlarining uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta'minlaydi;
– “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalardagi ishsizlar bandligini ta'minlaydi.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishlar asosida mahallaga biriktirilgan mas'ullar amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha mahalla raisiga kunlik hisobot berishi yo‘lga qo‘yiladi. O‘z navbatida mahalla raislari o‘z mahallasidagi mavjud muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida sektor rahbarlariva tuman shtabiga ma'lumot taqdim etadi. Tuman shtabi sektor rahbarlari bilan birgalikda aholini turmush tarzini yaxshilash, muammolarini hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar monitoringini yuritib,mahallaga biriktirilgan korxona va tashkilotlar xodimlarining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta'minlaydi.
Qolaversa, sektor rahbarlari mahallada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan xalq deputatlari tuman kengashlariga har oyda hisobot berib boradi.
Yig‘ilish davomida sohaga doir yana bir qator masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi