Yurtimizda xalq va armiya yakdilligi tobora mustahkamlanmoqda. Har yili an'anaviy tarzda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularga harbiy texnikalar va qurol-aslahalar ko‘rgazmasini namoyish etish orqali milliy armiyamiz kuch-qudrati haqida tasavvurlarini boyitishga alohida e'tibor qaratiladi.
Bu ertamiz davomchilarida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu mazmundagi navbatdagi aksiya Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi Samarqand garnizonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Samarqand viloyat Kengashi hamda Oqdaryo tuman hokimligi bilan hamkorlikda “Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha” shiori ostida tashkil etildi.
Oqdaryo tuman markazida tashkil etilgan tadbir mingdan ortiq aholi va yoshlarni bir joyga jamladi.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan mazkur tadbirda harbiy qism qo‘mondonligi va tuman hokimligi vakillari so‘zga chiqdi. Shundan so‘ng harbiy okrug Ma'naviyat va ma'rifat markazining harbiy orkestri tomonidan Vatanga muhabbatni aks ettiruvchi kuy va qo‘shiqlar ijro etildi. O‘quvchi yoshlarga harbiy xizmatchilar tomonidan sahnalashtirilgan Jaloliddin Manguberdi obrazi ko‘rsatildi.
Harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot uyg‘otdi.
O‘tkazilgan tadbirda qurol-yarog‘lar va harbiy texnikalar namoyishi bilan o‘quvchilar yaqindan tanishdilar. Amalga oshirilayotgan bunday tadbirlar tinchlikni asrash, ona Vatanni himoya qilishda har bir inson mas'ul ekanligini da'vat etishga qaratilgandir. Bunday vatanparvarlik ruhidagi tadbirlar viloyat bo‘ylab davom etmoqda.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi