Mirzo Ulug‘bek tumanida mavjud 54 ta fuqarolar yig‘inlarida “Ayollar daftari”ni yuritish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan ayollar bilan muloqotlar o‘tkazilmoqda.
Anketa-so‘rovnomalari asosida ularning muammolari aniqlanib, manzilli va maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 17-18 dekabr kunlari tumandagi 275-umumiy o‘rta ta'lim maktabida “Ayollar maslahat kengashi” uchun tashkil qilingan maskanda “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollar uchun malakali psixologlar va mutaxassislar tomonidan psixologik treninglar tashkil qilindi. Yosh farzandlari bilan birgalikda o‘z muammolari yuzasidan maslahat olishga kelgan ayollarning bolalari, ular uchun o‘yinchoqlar va turli o‘yinlar bilan maxsus jixozlangan xonada o‘z vaqtlarini mazmunli o‘tkazishdi.
Shuningdek, tumandagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, oilaviy poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida “Ayollar maslahatxonasi”, “Qizlar salomatligi markazi”, “Prenatal skrining xonasi” tuzilmalari xizmati tashkil etilib, tajribali vrachlar tomonidan xotin-qizlarning murojatlari bo‘yicha maslahatlar berish va ko‘rikdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda.
Sud, prokuratura, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan mahallalarda “Ayollar daftari”ga kiritilgan muammolari mavjud xotin-qizlarga, shuningdek, tadbirkor ayollarga huquqiy maslahatlar berib borish tizimi joriy etildi.
Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi va mahallalar tomonidan “Ayollar daftari” bo‘yicha ishlashda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda muammolarini hal etishda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, sud, prokuratura, ichki ishlar organlari, aholi bandligiga ko‘maklashish markazi, sport bo‘limi, adliya va FHDYo bo‘limi hamda nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda ayollarni kasb-hunarga o‘qitish, huquqiy savodxonligini oshirish, psixologik suhbatlar o‘tkazish, tibbiy maslahatlar berish, sport bilan shug‘ullanishini yo‘lga qo‘yish ishlari hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi