O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning Hirotdagi maqbarasini ta’mirlashda Afg‘onistonga ko‘maklashadi

2020-12-21 | Madaniyat

Joriy yil 14-16 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘appor Qirg‘izboyev rahbarligidagi delegatsiyaning Afg‘oniston Islom Respublikasiga safari amalga oshirilib, afg‘on matbuotida ushbu voqe tafsilotlariga bag‘ishlangan maqolalar chop etildi.

Xususan, “Bakhtar News” axborot agentligining internet sahifasida e’lon qilingan O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarga bag‘ishlangan maqolada aytilishicha, Afg‘oniston axborot va madaniyat vaziri vazifasini bajaruvchi Tohir Zuhayr O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev bilan birgalikda Qobuldagi Zahiriddin Muhammad Bobur bog‘-muzeyiga tashrif buyurgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarining Bobur bog‘-muzeyiga tashrifi davomida ularga Afg‘oniston rasmiy vakillari hamrohlik qilgan. Suhbat davomida asosiy diqqat-e’tibor madaniy sohada ikki tomonlama hamkorlik aloqalari istiqbollariga qaratildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi o‘zaro madaniy aloqalarni rivojlantirish va Alisher Navoiy maqbarasini ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Hirot shahrida bo‘lgani ham xabar qilingan.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari mamlakatimiz Alisher Navoiy maqbarasini ta’mirlash va uning atrofini obodonlashtirish bo‘yicha Afg‘onistonning mutasaddi tashkilotlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan. Shu o‘rinda 2021 yil Alisher Navoiyning 580 yillik yubileyi O‘zbekistonda keng miqyosda nishonlanishi ma’lum qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona, tarixiy va madaniy munosabatlarga e’tibor qaratar ekan, O‘zbekiston va Afg‘oniston Prezidentlari turli sohalarda, jumladan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish uchun sa’y-harakatlar qilayotganini ta’kidlagan.

“Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini hamda mamlakatda barqaror tinchlik o‘rnatish bo‘yicha barcha olib borilayotgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashi bildirildi.

O‘z navbatida, Afg‘oniston axborot va madaniyat vaziri vazifasini bajaruvchi Tohir Zuhayr O‘zbekistonning ushbu jarayonlardagi muhim rolini ta’kidlab, Afg‘oniston xalqi va hukumati O‘zbekiston bilan barcha sohalarda, jumladan madaniy sohada hamkorlik aloqalarini kun sayin kengayib borishidan manfaatdor ekanini bildirdi”, - deyiladi maqolada.

Shuningdek, maqolada Afg‘oniston tarixiy obidalarni qayta tiklash, xususan, Islom davri obidalarini ta’mirlashda O‘zbekiston bilan hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirgani ham ta’kidlangan.

Afg‘onistonda ingliz tilida bosiladigan «Daily Outlook Afghanistan» gazetasida chop etilgan boshqa bir xabarda esa O‘zbekiston buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning Hirotdagi maqbarasini ta’mirlashda Afg‘onistonga yordam berishi aytiladi.

“O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Afg‘onistonning Hirot shahriga safari davomida buyuk faylasuf, shoir va adib Alisher Navoiy maqbarasini ta’mirlashni rejalashtirilayotganini ta’kidlashdi.

Delegatsiyaning mazkur tashrifi davomida Alisher Navoiy qoldirgan shoh asarlar Afg‘oniston va O‘zbekiston xalqlarining mushtarak madaniy merosi ekani va bu meros ikki davlatni bir-biri bilan bog‘lab turuvchi ko‘prikligiga alohida urg‘u berilgan.

Shuningdek, Afg‘oniston axborot va madaniyat vazirligi rahbariyati Alisher Navoiyning 580 yillik yubileyini O‘zbekiston tomoni bilan birgalikda nishonlashga tayyorligini bildirdi”, - deyiladi «Daily Outlook Afghanistan» tarqatgan xabarda.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться