Xorazm viloyatini jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi
Joriy yilning 17-dekabr kuni Urganch shahridagi studiyadan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S. Umurzakov rahbarligida vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, mahalliy hokimliklar rahbarlarini jalb qilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 12 va 13 dekabr kunlari Xorazm viloyatiga amalga oshirilgan tashrif chog‘ida hududni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha berilgan ko‘rsatmalarining ijrosini tashkil etish chora-tadbirlarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilish davomida qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, qambag‘allikni qisqartirish, infratuzilma holatini hamda mahallalardagi ijtimoiy shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha belgilangan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ushbu sohalarda kelgusidagi ishlarni samarali muvofiqlashtirish uchun viloyatning har bir tuman va shahriga tegishli ravishda vazirlik, tarmoq birlashmasi va tijorat banki vakili bo‘lgan uchta mas'ul rahbarlardan iborat kichik guruh biriktirish mexanizmi yaratildi. Rahbarlari muayyan tuman yoki shaharga biriktirilgan muassasalarning xodimlari o‘z navbatida uning hududida joylashgan mahallalarga biriktiriladilar.
Mutasaddi rahbar va xodimlarning birinchi darajali vazifasi etib aholini elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi, ijtimoiy xizmat va ish bilan ta'minlash bilan bog‘liq muammolarni aniqlash, ularni hal etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida bevosita mahallalarda ishlash belgilandi. Joylardagi vaziyat tahlili mahalliy hokimliklar va mahallalar rahbarlari o‘rtasidagi bevosita hamkorlik qilish asosida amalga oshirilishi lozimligi ta'kidlandi.
Uchrashuv davomida kam ta'minlangan fuqarolar, nogironlar, karantin cheklovlari tufayli ishsiz qolgan fuqarolar, xususan, chet elda ishlayotgan ayollar, yoshlar vakillari va vatandoshlar orasidan ishga joylashishda ko‘makka muhtoj shaxslarning manzilli ro‘yxatlarini zudlik bilan tuzish topshirildi. Yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga ushbu toifadagi fuqarolarni ishga joylashtirish yo‘li bilan o‘rtacha daromad topish darajasiga chiqarishdan iborat vazifa qo‘yildi.
Buning uchun mutasaddi rahbarlarga viloyatning har bir tuman va shahrida ishlab chiqilgan, hududning investitsiyaviy va iqtisodiy imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishga yo‘naltirilgan yirik va o‘rta investitsiyaviy loyihalar amaliy ijrosini jadallashtirish, tashabbuskorlar va moliyalashtirish manbalarini aniqlash vazifasi yuklatildi. Shu o‘rinda, amalga oshirilayotgan loyihalarning o‘ziga xos jihatlari mahallaning iqtisodiy ixtisoslashuviga mos kelishi lozimligi ta'kidlandi.
Bundan tashqari, korxonalar va mahalliy aholi o‘rtasidagi kooperatsiyani rivojlantirish hamda mahallalarning iqtisodiy va sanoat salohiyatidan kelib chiqib kasanachilikni tashkil etish yo‘nalishidagi ishlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Viloyatda qurilish va infratuzilma sohasida alohida vazifalar belgilandi – 2021-yil oxiriga qadar 100ta zamonaviy energiya tejaydigan 5 qavatli uylar qurish, ichimlik suvi bilan ta'minlash darajasini 86%ga, maktabgacha ta'lim muassasalari bilan qamrab olish darajasini esa 77% ga yetkazish rejalashtirildi. Shuningdek, tezyurar avtobuslar uchun alohida qatnov qismlarini joriy etish asosida transport tizimining yangi modelini yaratish hamda viloyatda quvvati 200 MVtgacha bo‘lgan quyosh elektr stansiyasini qurish ishlari amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash va yangilarini yaratish hamda tadbirkorlikni rag‘batlantirish chora-tadbirlariga hamda 12,5 ming yoshlar va chet elda mehnat qilayotgan 18,6 ming yurtdoshlarimizga biznes yuritish asoslarini o‘rgatish bo‘yicha vazifalarga alohida e'tibor qaratildi.
Ushbu ko‘rsatmalar ijrosining monitoringini ta'minlash maqsadida bir qator vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlaridan iborat Respublika shtabi tashkil etildi. Uning vazifalari tuman va shaharlarga biriktirilgan rahbarlar faoliyatini muvofiqlashtirish va belgilangan topshiriqlar amalga oshirishning samarali algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi