O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ma'muriy tartib-taomillarni takomillashtirish bilan bog'liq islohotlar jamiyatga nima beradi?
2020-12-19 | Jamiyat
Mamlakatimizda yangi huquq instituti sifatida shakllanib borayotgan ma'muriy tartib-taomillarni to'liq qamrab oladigan yagona hujjat “Ma'muriy tartib-taomillar to'g'risida”gi qonunning yangi loyihasini ishlab chiqish lozim.
Prezidentimizning 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasini “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida”gi farmonida jamiyatimizning barcha sohalarini liberallashtirish, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, xalqimizning turmushi farovonligini oshirish bilan bog'liq muhim chora-tadbirlar belgilangan.
O'zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek DAVLETOV bilan suhbatimiz vazirlik tizimida mazkur yo'nalishda belgilangan vazifalar, 2020 yilgi davlat dasturi ijrosini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar, istiqboldagi vazifalarga bag'ishlandi.
— Davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirish bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo'nalishiga aylandi. Adliya vazirligining bu borada faoliyati qanday natija bermoqda?
— Davlat boshqaruvining tegishli sohalarida ma'muriy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga salbiy ta'sir o'tkazayotgan tizimli muammo va kamchiliklarni tahlil qilish va ularni bartaraf etish bo'yicha takliflar ishlab chiqish Adliya vazirligining asosiy funktsiyalaridan biri. So'nggi ikki yilda vazirlik tomonidan ushbu yo'nalishda bir qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, 50 ta davlat boshqaruv organlari faoliyati tahlil etildi. Misol uchun, yo'l xo'jaligi, uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish, o'rmon xo'jaligi, turizm, tabiatni muhofaza qilish, davlat-xususiy sheriklik va farmatsevtika sohasida davlat boshqaruvining samaradorligi o'rganildi va aniqlangan tizimli muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha takliflar ishlab chiqilib, tegishli organlarga taqdim etildi. O'rganishlar natijasida 25 ta davlat boshqaruv organlari faoliyatida jami 48 ta o'zaro takrorlanuvchi funktsiyalar mavjudligi, 36 ta davlat boshqaruv organlari tomonidan xo'jalik sub'ektlarining 50 ta funktsiyasi qo'shib olib borilishi sog'lom raqobat muhitiga to'sqinlik qilishi aniqlandi.
Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida 28 ta xo'jalik boshqaruv organlarining tartibga solish funktsiyalarini tegishli davlat organlariga ularning xususiyatlarini inobatga olgan holda o'tkazish va xo'jalik boshqaruv organlariga taqdim etilgan. “Raqobat to'g'risida”gi qonun hujjatlariga muvofiq bo'lmagan barcha individual imtiyoz va preferentsiyalarni bekor qilish nuqtai nazardan tahlil o'tkazildi. Tahlil natijasiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotning alohida tarmoq va sohalarini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirishning birinchi navbatdagi chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi. SHuningdek, vazirlik tomonidan tadbirkorlik sub'ektlariga imtiyoz va preferentsiyalar taqdim etish amaliyoti va ularning natijadorligi tahlil qilindi.
Davlat boshqaruvi tizimini byurokratiyadan xoli qilish va fuqarolarga yanada engillik yaratish maqsadida vazirlik tashabbusi bilan ishlab chiqilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Byurokratik to'siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan 2020 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari fuqarolardan 28 turdagi hujjatlarni talab qilishi va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari tomonidan ularni berish amaliyoti bekor qilindi. Hokimliklar faoliyatiga xos bo'lmagan 11 ta funktsiya tegishli davlat boshqaruvi organlariga o'tkazildi, faoliyati samarasiz deb topilgan 29 ta idoralararo kollegial organlar tugatildi.
e'tiborlisi shuki, yuqorida qayd etilgan qaror bilan davlat organlarida samarasiz yig'ilishlarni o'tkazish amaliyoti bekor qilindi. SHuningdek, qog'ozbozlikni bartaraf etish maqsadida 2021 yil 1 yanvardan davlat organlarida hujjat aylanishi va hisobotlarni yuritish faqat elektron ko'rinishda shakllantirilishi va amalga oshirilishi belgilab qo'yildi.
Davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki darajasini yanada qisqartirish bo'yicha o'tkazilgan tahlil natijasiga ko'ra, xususiy sektor samarali faoliyat yuritayotgan sohalarda davlat korxonalarini tugatish va ularni tashkil etishni cheklash, shuningdek, ularga berilgan soliq va boshqa imtiyozlarni qayta ko'rib chiqish masalasida takliflar ishlab chiqilib, tegishli organlarga taqdim etildi.
Hokimliklar faoliyatiga xos bo'lmagan funktsiyalarni chiqarib tashlash maqsadida o'tkazilgan tahlilga asosan, hokimlarning boshqa davlat organlari funktsiyalarini takrorlovchi 70 ta faoliyat yo'nalishlari ro'yxati shakllantirildi. Hokimliklar faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida vazirlik tomonidan “Mahalliy davlat hokimiyati organlari to'g'risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqildi. Unda hokimlar faoliyatining asosiy yo'nalishlari, ularning faoliyatini baholash tartibi, boshqa davlat organlari bilan hamkorlik qilish masalalari qamrab olingan.
Shuningdek, vazirlik tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish va davlat organlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqildi. Loyihada respublika darajasidagi davlat boshqaruv organlarining shakllarini belgilash, davlat boshqaruv organlariga xo'jalik funktsiyalarini berish amaliyotini taqiqlash, ayrim turdagi davlat funktsiyalarini xususiy sektorga, shu jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlariga o'tkazish bo'yicha takliflar nazarda tutilgan. Loyihada, shuningdek, davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholashning mezonlari va uslublari hamda samaradorlikning muhim ko'rsatkichlarini (KPI) bosqichma-bosqich joriy qilish va mehnatga haq to'lashning zamonaviy tizimini yaratish bo'yicha takliflar o'rin olgan.
— Ma'muriy tartib-taomillar sohasini ilg'or xorijiy tajriba va zamonaviy rivojlanish tendentsiyalari asosida muntazam ravishda takomillashtirib borish bugungi kunning muhim vazifasi. Bu yo'nalishdagi islohotlar jamiyatga nima beradi?
— Bu sohadagi islohotlar fuqarolarni ortiqcha ovoragarchiliklardan xalos qilish, ularni qiynayotgan muammolarga chek qo'yib, ishlarini tezroq bitirishga yordam beradi. Fuqarolarning davlatga va davlat organlariga bo'lgan ishonchini yanada mustahkamlashga erishiladi. SHu bois, bu sohadagi ishlarni zamon talabi darajasiga olib chiqish ustuvor vazifa. Biroq, afsuski, “Ma'muriy tartib-taomillar to'g'risida”gi qonun kuchga kirganiga ikki yil bo'lganiga qaramay, hanuzgacha bu borada kutilgan natijalarga erisha olmayapmiz. Bunga ma'muriy organlar xodimlarining qonundan etarli darajada xabardor emasligi, mansabdor shaxslarning xatti-harakati va qarorlaridan norozi bo'lgan fuqarolarning da'volari bo'yicha ish ko'rishda ma'muriy sudlar tomonidan aynan “Ma'muriy tartib-taomillar to'g'risida”gi qonunning qo'llanilmasligi sabab bo'lmoqda. Misol uchun, birgina 2019 yilda ma'muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy masala bo'yicha qariyb to'rt mingta nizo ko'rib chiqilgan bo'lsa-da, ular tomonidan ma'muriy qarorlar va harakatlarning atigi 24 tasi “Ma'muriy tartib-taomillar to'g'risida”gi qonunga asoslanib haqiqiy emas, deb topilgan. Aynan shuning uchun ham ma'muriy sudlarning faqat ma'muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko'rishga ixtisoslashtirilishi va ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlarni ko'rib chiqish vakolati ma'muriy sudlardan jinoyat ishlari bo'yicha sudlarga o'tkazilganligi ayni muddao bo'ldi.
Yana bir muammo, haligacha mas'ul tashkilotlar tomonidan litsenziya va ruxsatnoma berish, davlat ro'yxatidan o'tkazishga oid shu kabi qonun hujjatlarini “Ma'muriy tartib-taomillar to'g'risida”gi qonunga muvofiqlashtirish choralari ko'rilmagan holatlar uchraydi. Ushbu qonunni respublikadagi barcha ma'muriy tartib-taomillarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning asosiy fundamentiga aylantirish lozim.
Qonunning ishlab ketishiga to'siq bo'lgan omillardan yana biri — uning murakkab ekanligi, ya'ni xalqchil tilda bayon qilinmaganidir. SHunday ekan, ma'muriy tartib-taomillarni to'liq tartibga soluvchi va bu borada so'zsiz fundamental asos bo'luvchi mukammal va xalqchil normativ-huquqiy asosni yaratmasdan turib, bu sohani jamiyat hayotiga singdirish juda mushkul masala hisoblanadi. Demak, bu sohada olib borilayotgan eng muhim islohotlardan biri — mamlakatimizda yangi huquq instituti sifatida shakllanib borayotgan ma'muriy tartib-taomillarni to'liq qamrab oladigan yagona hujjat “Ma'muriy tartib-taomillar to'g'risida”gi qonunning yangi loyihasini ishlab chiqish.
— Aholining huquqiy madaniyatini oshirish, fuqarolarga malakali yuridik yordam ko'rsatish borasida adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish, shuningdek, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham to'xtalib o'tsangiz.
— So'nggi yillarda malakali yuridik yordam va huquqiy xizmat ko'rsatish sohasida bir qancha islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, yangi qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish bo'yicha adliya organlari tomonidan 520 mingga yaqin huquqiy targ'ibot tadbirlari o'tkazildi. Qabul qilingan har bir muhim qonun hujjati bo'yicha targ'ibot materiallari to'plami tayyorlanib, sohaga mas'ul bo'lgan vazirlik va idoralarga hamda hududlarga yuborish amaliyoti joriy qilindi.
Huquqiy targ'ibotda yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Internet tarmog'ida aholining huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishga qaratilgan, moddiy ahvolidan qat'i nazar, barcha aholi qatlamlarini bepul huquqiy maslahat bilan ta'minlashni nazarda tutuvchi beshta huquqiy portal ishlab chiqildi. Umuman, zamonaviy axborot texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalanish bir necha o'n barobarga kengaytirildi. Masalan, vazirlikning “Huquqiy axborot” telegram kanali faoliyati yanada takomillashtirildi. Aholiga bepul yuridik yordam ko'rsatish tizimini takomillashtirish maqsadida “Madad” tashkiloti va uning hududiy byurolari tashkil qilindi. SHu bilan birga, fuqarolarga sayyor huquqiy maslahat berish tizimi yo'lga qo'yildi. Vazirlik rahbariyati tomonidan bevosita hududlarga chiqqan holda o'tkazilgan 40 dan ortiq sayyor qabullar jarayonida jami 3 799 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilindi.
FHDYO arxivlarida saqlanayotgan qog'oz shaklidagi 60 milliondan ortiq arxiv ma'lumotlarining 85 foizi raqamlashtirildi. Bundan tashqari, tug'ilish bilan bog'liq bo'lgan 5 turdagi davlat xizmatlarini FHDYO organi orqali turkum (kompozit) tarzda ko'rsatish tartibi joriy etilib, bir vaqtning o'zida tug'ilishni qayd etish, bolani poliklinikada ro'yxatga qo'yish, turar joyi bo'yicha hisobga olish, suyunchi pulini tayinlash hamda davlat maktabgacha ta'lim muassasasiga navbatga qo'yish xizmatlari qamrab olindi.
— Xalqaro reyting va indekslarda O'zbekiston Respublikasining o'rni yaxshilanishiga to'sqinlik qilayotgan huquqiy omillar haqida nima deya olasiz? Bunday muammolarning echimi bormi? Vazirlik tomonidan bu borada qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
— Bu savolga javob berishdan oldin, biz ish olib borayotgan siyosiy-huquqiy sohadagi xalqaro reyting va indekslarning mazmun-mohiyatiga va shakllanishining o'ziga xos jihatlariga e'tibor qaratsak. Avvalo, shuni aytishim kerakki, bu sohadagi xalqaro reyting va indekslarni shakllantirishda davlat organlari tomonidan taqdim etilayotgan axborotlardan foydalanilmaydi. Aksincha, ularning metodologiyasi asosan mustaqil axborot manbalariga tayanadi. Misol uchun, huquq ustuvorligi indeksiga to'xtaladigan bo'lsak, ushbu indeksni shakllantirishda yuqorida sanalganlardan asosan, ikkita axborot manbasiga, ya'ni, aholi va ekspertlar o'rtasidagi so'rovlar natijalariga ko'proq tayanilishiga guvoh bo'lishimiz mumkin. Albatta, bunda indeksni tuzuvchilar olingan natijalarni boshqa xalqaro tashkilotlarning tadqiqotlari bilan solishtiradi va o'z tahlillarini ham o'tkazadi. Biroq biror-bir aniq statistik ma'lumotga tayanilmaydi.
Shunday ekan, xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashda mamlakatimizga berilayotgan baholarning sabablarini mustaqil tahlillarimiz asosida aniqlash talab etiladi. Bunda xalqaro reytinglarning tarkibiy indikatorlari bizning tahlillarimizni manzilli olib borish imkonini beradi. Biz tomonimizdan reytinglarning metodologiyalarini e'tiborga olgan holda olib borilayotgan tizimli tahlillar shunga ishora qiladiki, xalqaro reytinglarda O'zbekistonning o'rnini yuksaltirish uchun, eng avvalo, ushbu reytingni tuzishda eng muhim omil bo'lgan respondent, ya'ni, aholining fikrini o'zgartirishimiz lozim. Buning uchun esa fuqaro o'zining kundalik hayotida real o'zgarishlar bo'layotganiga, huquqi himoyalanishiga kafolatni his qilishi kerak bo'ladi.
Davlat organlarining vazifasi esa fuqaroni qiynayotgan muammolarni aniqlab, uning konstitutsiya va qonunlarda belgilangan huquqlari to'la ro'yobga chiqarilishini ta'minlashdan iborat. Albatta, bu umumiy so'zlardek ko'rinishi mumkin, ammo siyosiy-huquqiy sohadagi xalqaro reytinglar va indekslar aynan shu narsaga baho beradi.
endi, bevosita xalqaro reytinglardagi o'rnimizga ta'sir qilishi mumkin bo'lgan huquqiy muammolarga to'xtaladigan bo'lsak, bunda ikki jihatni ajratib ko'rsatish mumkin. Birinchidan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi milliy qonunchilik umum qabul qilingan xalqaro huquq normalarida mustahkamlab qo'yilgan huquqlarni ro'yobga chiqarishga naqadar javob berishi. Ikkinchidan, amaldagi qonunlarning to'laqonli bajarilishi, unda belgilangan huquqlarning to'liq amalga oshirilishi.
Ta'kidlashimiz kerakki, har ikkalasi ham to'xtovsiz jarayon. Qonunlarga xalqaro huquq normalarini implementatsiya qilish, yuzaga kelayotgan yangi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish ishning faqat yarmi bo'lsa, qolgan qismi qabul qilingan qonun hujjatlarining ijrosini ta'minlashdir.
Fikrimizni dalillash uchun birgina Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatorlari tarkibiga e'tibor qaratsak. Demak, ushbu reyting jami 6 ta mustaqil indikatordan iborat bo'lib, ulardan biri “tartibga solish sifati”ni baholaydi. Ushbu indikator bo'yicha mamlakatimizning o'rni anchagina past darajada — 2019 yil yakunlariga ko'ra, 214 ta mamlakat ichida 182-o'rinni qayd etganmiz. Bu esa, ushbu yo'nalishdagi ishlarimizni takomillashtirishga undaydi. SHu bois, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 sentyabrdagi “O'z ahamiyatini yo'qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko'rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi. Birgina mana shu hujjat bilan eskirgan deb topilgan 500 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat o'z kuchini yo'qotgan deb e'tirof etildi.
Bundan tashqari, Adliya vazirligi tizimida Tartibga solish ta'sirini baholash boshqarmasi tashkil etildi. endi ushbu tuzilmamiz davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning tartibga solish ta'sirini baholash bo'yicha faoliyatini muvofiqlashtirib, ularga uslubiy yordam ko'rsatib boradi. YA'ni, bu sohada oldin o'z holiga tashlab qo'yilgan ishlar tartibga tushadi.
Ahamiyat berilsa, siyosiy-huquqiy sohadagi barcha reytinglarning korruptsiya muammosi bilan bog'liq indikatorlari bor. Korruptsiya muammosi esa asosan unga sharoit yaratadigan omillar, shu jumladan, qonun-hujjatlaridagi korruptsiogen normalar tufayli ham kelib chiqadi.
Shu bois, endilikda ana shunday normalarni aniqlash ham yangi tashkil qilingan boshqarma tomonidan amalga oshiriladi. Xususan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari korruptsiyaga qarshi ekspertizadan o'tkazib boriladi hamda aniqlangan korruptsiyaviy omillarni bartaraf etishga qaratilgan choralar ko'rilib, tavsiyalar ishlab chiqiladi. Qolaversa, korruptsiyaning kelib chiqishiga sharoit yaratayotgan qonunchilikdagi huquqiy bo'shliqlar, qoidalar va normalarni aniqlash, normativ-huquqiy hujjatlarni amaliyotda qo'llashdagi korruptsiyaviy xavflarni tahlil qilish ishlari tizimli tashkil qilinadi.
Istiqboldagi rejalarga to'xtalsak, hududlarda mahalliy davlat hokimiyati organlarining qonuniylikni, huquqiy-tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini ta'minlashdagi mas'uliyatini yanada oshirish borasida o'zimizga xolisona baho berish tizimini shakllantirib olishimiz lozim. SHundan kelib chiqib, Adliya vazirligi tomonidan hududlardagi huquq ustuvorligi holatini baholash tizimini joriy qilish bo'yicha loyiha ishlab chiqildi. Huquq ustuvorligining ta'minlanganlik holatini baholash avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshirilishi ko'zda tutilmoqda.
— Bugungi global pandemiya davrida vazirlik aholining, mehnatkashlarning huquq va manfaatini muhofazalash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qanday hissa qo'shmoqda?
— Vazirlik tomonidan pandemiya davrida aholining, xususan, mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini muhofaza qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, vazirlik tomonidan doimiy ravishda amalga oshirib kelinayotgan “Inson huquqlari — oliy qadriyat” loyihasi doirasida xodimlarning oylik ish haqini berishda qonunchilikka rioya etilishini o'rganish yuzasidan aktsiya o'tkazildi.
Aktsiya doirasida jami 3 187 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlarni ko'rib chiqishda 6 838 ta qonun buzilish holatlari aniqlangan bo'lib, adliya organlari tomonidan tegishli tashkilotlarga 263 ta taqdimnoma (huquqi buzilgan xodimlarga jami 8,5 milliard so'mdan ortiq pullik kompensatsiya qoplanishi so'ralgan) hamda 244 ta ogohnoma, shuningdek, sudlarga 6 milliard so'mlik 1 475 ta da'vo arizasi kiritildi. SHu bilan birga, 98 ta holatda aybdor shaxslarni ma'muriy (63 ta shaxs javobgarlikka tortildi) va 1 ta holatda — jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar berildi. Qo'llanilgan ta'sir choralar natijasida 55 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka (49 ta hayfsan va 6 ta jarima) tortildi.
Fuqarolarning huquqlarini himoya qilishda xalqaro-huquqiy yordam ko'rsatish to'g'risidagi murojaatlar va so'rovlarni o'z vaqtida, samarali va sifatli ko'rib chiqishning xalqaro huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. Ushbu yo'nalishdagi ishlarning samaradorligini oshirish maqsadida 2020 yil 17 noyabrda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “1993 yil 22 yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo'yicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar to'g'risidagi Konventsiya va 2002 yil 7 oktyabrdagi Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo'yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to'g'risidagi Konventsiya qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu chora-tadbirlar huquqiy yordam ko'rsatish bo'yicha so'rovnomalarni manzilli va to'g'ri ko'rib chiqish va yuborishni ta'minlaydi. Bu esa mazkur masalalarni tezkorlik bilan hal etish, sud va boshqa jarayonlar cho'zilib ketishining oldini olish, shuningdek, pochta xarajatlarini qisqartirishga va resurslarni tejashga xizmat qiladi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, joriy yil 4 mart kuni O'zbekiston Xalqaro xususiy huquq bo'yicha Gaaga konferentsiyasi xalqaro tashkilotiga (XXHGK)ga rasman a'zo bo'ldi. Xalqaro xususiy huquq me'yorlarini birxillashtirish O'zbekiston uchun o'ta dolzarb masala ekani, shubhasiz. Chunki transchegaraviy migratsiya jarayonlari shiddat bilan kengayishi, turli sohalarda xorijiy davlatlar bilan bog'liq fuqarolik-huquqiy nizolarning ko'payishi tufayli zudlik bilan echilishi lozim bo'lgan masalalar yuzaga kelmoqda.
Shunga ko'ra, Gaaga konferentsiyasi doirasida ishlab chiqilgan va qabul qilingan normalar xalqaro xususiy huquq bo'yicha milliy qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotiga sezilarli ijobiy ta'sir o'tkazishi kutilmoqda. SHu bilan bir qatorda, mazkur xalqaro tashkilot faoliyatida O'zbekistonning to'laqonli a'zo sifatidagi ishtiroki kelajakda qabul qilinadigan Xalqaro hujjatlarda bizning milliy manfaatlarimizni aks ettirish imkonini yaratadi.
Bir so'z bilan aytganda, islohotlarning ko'lami keng, shiddati baland. Har bir chora-tadbir aniq, manzilli, rejali amalga oshirilayotgani jamiyatimizdagi yangilanishlardan xalqimizning bahramandligini oshirishga zamin yaratmoqda. Ishonchimiz komilki, bu xayrli ishlar izchil davom etadi. Amaliy natija bilan mustahkamlangan, o'z mevasi, hosilini berayotgan islohotlar izchillik bilan davom ettirilib, xalqimizning roziligiga erishishimizda, yurtimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko'tarishda muhim omil bo'lib xizmat qiladi.
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
Bahor XIDIROVA suhbatlashdi.
Manba: «Yangi O"zbekiston»