O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aziz Abduhakimov: “Albatta O‘zbekiston tarixi haqida film bo‘lishi kerak, vaqti keldi”
2020-12-19 | Madaniyat
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov “O‘zbekiston madaniy merosi - yangi Uyg‘onish davri poydevori” IV Xalqaro kongressi doirasida o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston kinematografiyasi: o‘tmish, bugun, kelajak” kinokonferensiyasi ochilishi munosabati bilan nutq so‘zladi.
Tadbir 17-dekabr - Milliy kinematografiya kuniga bag‘ishlab o‘tkazildi. Aziz Abduhakimov o‘z nutqida kinematografiya jahon kino makoni madaniyatining muhim tarkibiy qismi ekanini va O‘zbekiston o‘z sharafi bilan chegaralaridan tashqarida ham ma’lum bo‘lgan boy kinobiografiyaga ega mamlakat ekanini ta’kidladi. Jumladan, Komil Yormatov, Malik Qayumov, Shuhrat Abbosov kabi nomlar har qanday haqiqiy kino muxlislariga tanishdir.
“Zamonaviy o‘zbek kino san’ati o‘zining iste’dodli ijodkorlari hamda filmlari bilan faxrlanishi mumkin. Bugungi kunda kinematografiya sohasiga davlat tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari aytganlaridek, kino - tarbiyaning asosi. Biz kinematograf maktabini ochishimiz kerak. Hozir sifatli rasmlar yetishmaydi, lekin yaxshi kino asarlarini ishlashga ishtiyoq bor. Albatta, O‘zbekiston tarixi haqida film olinishi kerak, buning vaqti ham keldi”, – dedi Bosh vazir o‘rinbosari. Xususan, Aziz Abduhakimov pandemiya bilan bog‘liq murakkab davrga qaramay, mamlakatimizning buyuklari haqida hikoya qiluvchi, tariximizning yangi sahifalarini ochadigan tarixiy filmlar tasvirga olinayotgani, Markaziy Osiyodagi eng qadimiy kinostudiya – “O‘zbekfilm” studiyasining restavratsiya jarayoni, xususan, kinematografiya konsepsiyasi va qonuni, “Ribeyt” xalqaro loyihalariga subsidiyalarni qisman qaytarish dasturi ishlab chiqilayotgani, ijodiy yoshlar uchun ta’lim dasturi takomillashtirilayotganini qayd etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev milliy kinematografning fidoyi xodimlari xotirasini abadiylashtirish uchun har bir hududdagi umumta’lim maktablarini Razzoq Hamroyev, Shukur Burhonov, Nabi Rahimov, Hamza Umarov, Lutfixonim Sarimsoqova kabi mashhur aktyor va aktrisalar nomi bilan atashni taklif qildilar. “O‘zbekiston hayratlanarli darajada xilma-xil bo‘lib, tarixiy va me’moriy obidalar, landshaft makonlarga boy mamlakatdir, bu esa kino ishlab chiqarish sohasida xalqaro hamkorlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu nafaqat mamlakatimiz nufuzini oshirish, balki moliyaviy investitsiyalarni jalb qilish va mintaqaviy iqtisodiyotni rivojlantirishda ham katta rol o‘ynashi mumkin”, – dedi Abduhakimov.
Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari so‘nggi yillarda butun mamlakat bo‘ylab kinofestivallar, kino bozorlari va kinoforumlar kabi tadbirlarga qiziqish ortib borayotgani borasida so‘z yuritdi. Kinokonferensiya esa buning yorqin tasdig‘i ekanligini ta’kidladi. O‘zbekiston kinosi nafaqat o‘z o‘tmishi va buguni, balki kelajagiga ham ega ekanligi alohida qayd etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi