O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

IV Xalqaro kongress ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo'llashdi

2020-12-17 | Madaniyat

“O‘zbekistonning madaniy merosi - yangi Renessans poydevori” mavzusidagi IV Xalqaro kongress yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati olimlari bir ovozdan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qabul qilishdi.  

Murojaatni qabul qilish tashabbusi IV xalqaro kongress ishida onlayn rejimda ishtirok etgan yaponiyalik olimlar tomonidan bildirildi. Kunchiqar mamlakatdagi O‘zbekiston elchixonasi binosida yig‘ilgan 20 nafar olim murojaatning  loyihasini tayyorladi va keyinchalik bu loyiha Jamiyat boshqaruvi va Ilmiy kengashi aʼzolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Murojaatnomada Butunjahon jamiyati aʼzolari mamlakatning kutubxonalari va taʼlim muassasalariga "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidan 10 ming nusxadagi 35 tomlik kitob-albomlarni topshirish tashabbusini amalga oshirishda ko‘mak berganligi uchun davlat rahbariga minnatdorchilik bildirishdi.

Yuzlab sharqshunos olimlarning faol xizmatlari tufayli yaqinda O‘zbekistonning umumtaʼlim maktablari va universitetlaridagi barcha kutubxonalari  Chexiya, AQSH, Italiya, Germaniya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, O‘zbekiston, Turkiya va boshqa ko‘plab mamlakatlarning to‘plamlaridagi O‘zbekistonning madaniy merosi haqidagi kitob-albomlarga ega bo‘lishadi. Bu xayrli ishni amalga oshirishda O‘zbekiston hukumati ko‘mak beradi. "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi rasmli kitob-albomlarni chop etish hamda ularni mamlakat kutubxonalari va o‘quv muassasalariga topshirish taklifi III Xalqaro kongress doirasida ilgari surilgan va davlat rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi. Ularning dastlabki 15 jildi allaqachon barcha o‘quv yurtlariga yetkazilgan va hozirda ushbu loyihaning ikkinchi bosqichi davom etmoqda. Murojaatnomada qayd etilishicha, "O‘zbekiston madaniy merosi - Yangi Renessans poydevori" mavzusidagi IV Xalqaro kongressda 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Yo‘l xaritasi qabul qilingan.

Keyingi besh yil ichida O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati 100 dan ortiq yangi loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. “Biz mamlakatdagi va xorijdagi muzeylarda saqlanayotgan O‘zbekistonning madaniy merosi haqida hikoya qiluvchi kitoblar va albomlar nashr etish, hujjatli va badiiy filmlar tayyorlash, ilmiy forumlar o‘tkazish, o‘quv dasturlari yaratish, mamlakat madaniy merosini tiklash sohasidagi mutaxassislarning ishlarini, qonunchilikni takomillashtirish, turizmni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni tadqiq qilishni davom ettirish niyatidamiz”, - deyiladi Murojaatnomada.

Olimlar, shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining mamlakatning madaniy merosini asrab-avaylash borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholashdi va bundan keyin ham milliy madaniy merosni rivojlantirish va saqlashga o‘z hissalarini qo‘shishga tayyor ekanliklarini taʼkidlashdi. “O‘zbekistonda Uchinchi Renessans davrini amalga oshirishga qaratilgan Siz eʼlon qilgan milliy g‘oya avvalo madaniyatni saqlashga qaratilganligi bilan ham  yuksak hurmatga sazovor, zero Siz aynan madaniyat, mamlakatning yangi Uyg‘onish davri, jamiyat maʼnaviyatining yuksalishi, xalqni, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning poydevori ekanligini yaxshi anglaysiz”, - deyiladi Murojaatnomada.

Shunisi eʼtiborga loyiqki, Butunjahon jamiyati aʼzolarining Respublika prezidentiga murojaatini qabul qilish yaxshi anʼanaga aylanib bormoqda, bunday murojaat to‘rtinchi marta qabul qilindi va, shubhasiz, doimgidek olimlar davlat rahbarining ijobiy javobini olishadi. Shunday yo‘l bilan  Butunjahon jamiyati hamda O‘zbekiston hukumati o‘zaro mustahkam aloqalarini o‘rnatmoqda va milliy madaniy merosni o‘rganish, saqlash va ommalashtirishga oid faoliyatlarini birlashtirishmoqda.  

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi

Поделиться