O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Pokiston diniy ulamolari bilan O‘zbekistonda Ziyorat turizmini rivojlantirishga doir videokonferensiya o‘tkazildi
2020-12-17 | Turizm
Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi hamkorligida mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish mavzusiga bag‘ishlangan videokonserensiya o‘tkazdi.
Onlayn muloqotda Pokiston Bosh vaziri maslahatchisi Gumman Kavar, Din ishlari bo‘yicha federal vaziri Pir Nur-ul-Haq Qadriy, “Naqshbandiya” ordeni yetakchisi Pir Naqib ur-Rahmon, Ziyorat turizm elchisi Pir Hassib ur-Rahmon, Milliy Assambleya spikeri o‘rinbosari Qosim Kasuriy, O‘zbekistonning Pokistondagi Axborot-turistik markazi direktori Hamid Chouduriy, “Shaheen Pharmaceuticals” sohibi Doud Shahin, Islom ideologiyasi jamiyati raisi Qibla Ayoz, “Petroleum Exploration Pvt.Ltd.” direktori Shahboz Zohir hamda nufuzli jurnalist Salim Safiy ishtirok etdi. Tomonlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida ziyorat turizmini rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
Tadbir doirasida Naqshbandiya tariqati vakillari uchun Buxoroi sharif Makkai mukarrama va Madinai munavvara shaharlaridan keyin turishi qayd etildi. Pokiston Milliy Assambleyasi spikeri o‘rinbosari Qosim Kasuriy o‘z mamlakatida O‘zbekistonning muqaddas qadamjolarini ziyorat qiluvchi kishilar ko‘pligi, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar yana-da mustahkamlanishi ko‘plab pokistonliklarning O‘zbekistonga ziyorat qilishiga sabab bo‘lishini taʼkidladi. Aziz Abduhakimov, o‘z navbatida, Pokiston Milliy Assambleyasi spikeri o‘rinbosari Qosim Kasuriyni O‘zbekistonga taklif qilib, qisqa muddatda unga rasmiy taklifnoma yo‘llanishini bildirdi.
Pokiston tomon ushbu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildi. Pokistonning Din ishlari bo‘yicha federal vaziri Pir Nur-ul-Haq Qadriy O‘zbekiston va Pokiston xalqini nafaqat iqtisodiyot, turizm, maʼnaviyat va adabiyot, balki madaniyat, sanʼat, umumiy tarix va yagona din hamda boshqa barcha sohalar chambarchas bog‘lab turishini alohida qayd etdi. Ayniqsa, Pokiston oshxonasining eng sevimli taomi Buxoro palovi va o‘zbek somsasi ekanligi taʼkidlandi.
Shuningdek, Pokistonning islom dinini to‘g‘ri anglash va uni hayotga tadbiq qilishda Movarounnahr ulamolarining xizmati beqiyos ekanligini bildirdi. Bosh vazir o‘rinbosari ikki tomonlama hamkorlik, jumladan ziyorat turizmi yo‘nalishidagi aloqalarni yana-da mustahkamlash uchun viza va transport masalalarini takomillashtirish, aniq takliflarni amalga oshirishni jadallashtirish zarurligini taʼkidladi. Tadbir yakuniga ko‘ra, tomonlar pokistonlik yirik siyosiy arboblar va turizm elchimizning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, ziyorat turizmini targ‘ib qilish bo‘yicha alohida memorandum imzolashga oid kelishuvga erishishdi.
Taʼkidlash joizki, kuni kecha O‘zbekiston Prezidenti tomonidan turizm va sport masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ziyorat turizmi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilab berildi. Yurtimizda islom diniga oid ko‘plab ziyoratgohlar, yahudiylik, buddaviylik yodgorliklari borligidan kelib chiqib, 700 ming ziyoratchini jalb qilish va 130 million dollarlik xizmatlar eksportini taʼminlash mumkinligi taʼkidlandi.
Davlat rahbari tomonidan kelgusi yildan Yevropa mamlakatlari, Malayziya, Indoneziya, Pokiston, Tailand, Yaponiya kabi davlatlar bilan aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash, yangi reyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. O‘zbekistonning chet ellardagi elchixonalariga mamlakatimizning ziyorat turizmi intensiv targ‘ib qilinishi belgilandi. Shuningdek salohiyatli mamlakatlarga aviaqatnovlar sonini oshirish va viza tizimini yengillashtirish ko‘zda tutulmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi