Adliya vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi
Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 16-dekabr kuni Milliy matbuot markazida “Adliya vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar” bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida OAV va jamoatchilik vakillari, vazirlik tizimidagi Davlat xizmatlari agentligi, Intellektual mulk Agentligi, Toshkent davlat yuridik universiteti va X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi vakillari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanidan Adliya vazirligi tomonidan tizimda korrupsiyani oldini olish borasida amalga oshirilgan islohotlar bo‘yicha axborot berildi.
Ta'kidlanishicha, vazirlik tomonidan so‘ngi yillarda tizimda korrupsiyani oldini olish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirildi.
Birinchidan, vazirlik korrupsiya xavflari va faktlarini, xodimlarning o‘z vakolatini suiiste'mol qilishi yoki zarur paytda harakatsizligi holatlarini aniqlash maqsadida keng jamoatchilikni yordamga chaqirdi. Shu bois, adliya organlari va muassasalarida fuqarolarga audio va video yozuv vositalaridan foydalanishga ruxsat berildi. Shu bilan birga, vazirlik huzurida korrupsiyaga qarshi kurash kengashi tashkil etildi. Korrupsiya xavfiga moyil bo‘lgan vazifalar (vakolatlar) va lavozimlar ro‘yxati shakllantirildi.
Ikkinchidan, Telegram messendjerida aholini adliya organlari va muassasalarida yuz berayotgan korrupsiya huquqbuzarliklari haqida tezkor xabardor qilish maqsadida maxsus @antikorbot 2020-yilning o‘tgan davrida davomida “anticorbot” telegram kanali orqali jami 945 ta xabarlar kelib tushgan va ularni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.
Uchinchidan, BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda adliya organlari va muassasalarida “KPMG International” kompaniyasining xalqaro ekspertlarini jalb etgan holda, korrupsiyaga qarshi komplaens nazoratni joriy etish bo‘yicha loyiha amalga oshirildi. ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” xalqaro standarti asosida vazirlikning 10 dan ziyod ichki hujjati tubdan yangilandi, vazirlikda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tashkil etildi.
To‘rtinchidan, xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida e-study.adliya.uz yangi platformasi ishga tushirildi.
Davlat xaridlarini amalga oshirishda kontragentlarni tekshirish amaliyoti choriy etildi. Shu bilan birga xodimlarning faoliyat samaradorligini baholash KPI asosida amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.
Beshinchidan, vazirlik tizimida korrupsiya xavfiga moyil bo‘lgan vazifalar (vakolatlar) va lavozimlar ro‘yxati shakllantirildi. Shuningdek, internet tarmog‘ida notariuslar bo‘sh ish o‘rinlariga tanlovlar onlayn-translyasiya qilinishi yangiliklardan biri bo‘ldi. Bu orqali xodimlarni saralab olishning maksimal shaffofligiga hamda vijdonli notariuslarni ishga tayinlashga erishildi.
Ma'lumot uchun:Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” xalqaro standartiga muvofiqligi yuzasidan sertifikatlash bo‘yicha audit o‘tkazildi. O‘tkazilgan audit natijasi bo‘yicha, “CERT International” s.r.o. xalqaro tashkiloti tomonidan 2020 yil 9 sentyabr' kuni ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” xalqaro standartiga muvofiqlik sertifikati rasmiy tadbirda taqdim etildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi