“Ayollar daftari”ni shakllantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida joriy yil 8-oktabr kuni “Jamiyatda ayollarning rolini oshirish hamda bandligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yangi tizim joriy etish, ya'ni “Ayollar daftari”ni shakllantirib, unga ijtimoiy, huquqiy va psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor bo‘lgan ishsiz xotin-qizlarni kiritish orqali muammolarini hal etish topshirig‘i berilgan edi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mas'ullari tomonidan Angren va Olmaliq shahrida mazkur topshiriqlar ijrosini ta'minlash yuzasidan ayollar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha o‘rganildi.
Jumladan, o‘rganish davomida Angren shahardagi “Ozodlik”, “Istiqbol”, “Yangi hayot”, “Maydon” mahalla fuqarolar yig‘inlarida hamda Olmaliq shahridagi "Oydin", "Shoshiloq", "Bobur" va "Saxovat" mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Ayollar daftari” bo‘yicha xatlov jarayonlarini sifatli tashkil etish, bu borada hududlarda sektor va mahalla fuqarolar yig‘inlari hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi muhokama etildi.
Shuningdek, xatlov ishlari yakunlangan mahalla fuqarolar yig‘inlarida xotin-qizlar muammolari bo‘yicha ularga manzilli ko‘mak ko‘rsatish, ayollarga huquqiy, psixologik, tibbiy yordam berish, bandligini ta'minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish, “Temir daftar”ga kiritilgan ayollarni tadbirkorlikka jalb qilish orqali ehtiyojmandlikdan chiqarish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi