O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni onlayn biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

2020-12-16 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida qishloq xo‘jaligi sohasida onlayn biznes-forum o‘tkazildi.

Mamlakatimizning Ar-Riyoddagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan mazkur tadbir ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining Saudiya Arabistoniga eksportini oshirish maqsadida tashkil etildi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, Ar-Riyod Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Noif Al-Rojihiy raisligida bo‘lib o‘tgan forumda Xorazm, Namangan, Ar-Riyod va Jidda viloyatlari tadbirkorlari qatnashdi.

A.Ikromov mamlakatimizda xorijiy ishbilarmonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularga taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, investorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida maʼlumot berdi. O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarda savdo-sanoat palatalarining roli taʼkidlandi. 2018-2019 yillarda to‘rt 4 marotaba qo‘shma biznes-forumlar o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.  Bunday  tadbirlarning yorqin natijasi sifatida Saudiya Arabistonining «Acwa Power» kompaniyasi tomonidan respublika energetika sohasiga 2,2 milliard dollarga yaqin investitsiya kiritilayotgani eʼtirof etildi.

O‘zbekiston vakillari, shuningdek, yaqin istiqbolda Saudiya Arabistoniga o‘zbek meva-sabzavotlari eksporti hajmini oshirishga erishilishiga ishonch bildirdi.

Noif Al-Rojihiy qishloq xo‘jaligi sohasiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan mazkur biznes-forumning ahamiyati yuqori ekanini taʼkidladi. Oziq-ovqat xavfsizligi masalasi dunyodagi global dolzarb mavzulardan biri bo‘lib qolayotganini bildirdi. Saudiya Arabistonining “Nigoh-2030” islohot dasturida ham ushbu yo‘nalishga katta eʼtibor qaratilgani, Podshohlikda bu yo‘nalishda tegishli strategiya qabul qilinganini maʼlum qildi.

Biznes-forumda, shuningdek, Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchisi Hishom Al-Suvaylim so‘zga chiqib, savdo va investitsiya sohalaridagi aloqalar ikki birodar mamlakat munosabatlarining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi. O‘tgan yillarda o‘tkazilgan biznes-anjumanlar doirasida imzolangan hamkorlik bitimlari o‘z samarasini bermoqda. 

— “Nigoh-2030” davlat dasturi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar bilan o‘xshash va hamohang, — dedi Saudiyalik diplomat. — Yaqin kelajakda davlatlarimiz o‘rtasida ishbilarmonlar kengashini tuzish masalasi ijobiy hal etilishiga ishonchim komil. Men ikki davlat tadbirkorlarini o‘zaro investitsiya va savdo aloqalarini jadallashtirishga daʼvat etaman.

Ar-Riyod Savdo-sanoat palatasi milliy baliqchilik va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Ibrohim At-Turkiy oziq-ovqat mahsulotlari sohasidagi hamkorlik tomonlar uchun manfaatli ekaniga ishora qildi. Uning maʼlum qilishicha, Saudiya Arabistoni oziq-ovqat sohasiga har yili 60 milliard dollar sarf etadi. Keyingi o‘n yillikda esa bu ehtiyoj 375 milliard dollarga yetadi. 

At-Turkiy mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro savdo ayirboshlashda logistika masalalarini hal qilish bo‘yicha maqsadli takliflar ishlab chiqish uchun qo‘shma ishchi guruhi tuzish tashabbusini o‘rtaga tashladi.

Anjumanda Namangan va Xorazm viloyatlari vakillarining oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha imkoniyatlari borasida taqdimot o‘tkazildi.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться