O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Mahallalarning “o‘sish nuqtasi” aniqlanib, sohadagi muammolarni hal etish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi

2020-12-16 | Jamiyat

Mahalla jamiyatimizning eng muhim bo‘g‘ini sifatida har birimizning hayotimizda alohida o‘rin tutadi.

Oilalarda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini shakllantirish, yurt taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni ijobiy hal etishda ushbu noyob tuzilmaning o‘rni beqiyos.
 
E'tiborlisi, so‘nggi yillarda mamlakatimizda mahalla institutini yanada takomillashtirish, uning tizimli faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani natijasida mahalla yurtimizdagi demokratik islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanib bormoqda.
 
Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 12-13 dekabr kunlari Xorazm viloyatiga qilgan tashriflari davomida Xorazm viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida mahallaning rolini oshirish, tizimdagi ishlarni “mahallabay” tashkil etish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar belgilab olindi.
 
 
Ma'lumki, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish dasturi “tepadan – pastga” tizimi asosida shakllantirilar edi. Xorazm viloyati misolida ilk bor hayotga tatbiq etilayotgan yangi tizimga ko‘ra, endilikda tumanlardagi iqtisodiy kopleks xodimlari har bir mahallaga biriktirilib, o‘z sohasiga doir masalalarni hal qilib boradi.
 
Hali ham mahalla tizimi xodimlari zimmasiga ortiqcha, faoliyatiga daxli bo‘lmagan vazifalar yuklanayotgani, buning natijasida esa mahalla xodimlari aholi bandligini ta'minlash, ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish, tomorqachilikni rivojlantirish, mahallalar va oilalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilash, jinoyatchilikning oldini olish kabi o‘zlarining birlamchi vazifalaribilan shug‘ullanishiga vaqt ajrata olmayotgani hech kimga sir emas. 
 
Shu bois bu kabi mavjud muammolarni butkul bartaraf etish hamda davlat idoralarining mahallada o‘z ishlarini tizimli ravishda amalga oshirishlari kerakligi bo‘yicha aniq dastur ishlab chiqildi. Shu bilan birga,vazirlik va tarmoqlar, banklar vakillaridan iborat Ishchi guruh tomonidan Xorazm viloyatidagi mavjud 519 mahallaning muammolari atroflicha o‘rganilib, mahallalarda yashovchi aholining imkoniyatlari, ularning daromadini oshirish, qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha ish olib borish kerakligidan kelib chiqib, “o‘sish nuqtalari”belgilandi.
 
Unga ko‘ra, viloyat mahallalarida chorvachilik, parrandachilik, hunarmandchilik yoki boshqa ishlab chiqarish istagini bildirilgan 11 ta “o‘sish nuqtalari” aniqlandi. Endilikda fuqarolar yig‘ini raislari yirik tadbirkorlarni aholi xonadonlariga kasanachilik tizimida ishlash uchun biriktirib beradi. Bu orqali aholi bandligi ta'minlanib, oilalarning real daromadlari ortishiga erishiladi.
 
Shuningdek, Davlatimiz rahbari Xorazm viloyatiga qilgan tashrifi davomida har qanday soha rivojini yetuk va malakali kadrlar ta'minlashiga alohida urg‘u berib, mamlakatimizdagi islohotlarni eng quyi bo‘g‘inga yetkazishda mahalla raislari bilan birga, mahalliy rahbarlar ham sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganini jiddiy tanqid ostiga oldi.
 
“Mahalla raislarini saylaymiz, ulardan ko‘p narsa talab qilamiz, lekin buning uchun mahalliy rahbarlar nima qilyapti, degan savolga aniq javob yo‘q. Endi davlat idoralari xodimlarining moddiy manfaatdorligi, odamlarning roziligidan kelib chiqib belgilanadigan tizim qilamiz. Soliq, moliya, bandlik, investisiya, tadbirkorlik va boshqa masalalarga mas'ul rahbarlar mahallalarda ishlaydi. Mahalla raislari o‘z hududidagi muammolar bo‘yicha ularga talab qo‘yadi. Islohotlarni eng quyi tizimda bajarishning asosi shu...” deya ta'kidladilar Muhtaram Prezidentimiz.
 
Mazkur tizimni yo‘lga qo‘yish uchun dastlab Bog‘ot tumani misolida 46 ta mahallaga 3 ta bank biriktiriladigan bo‘ldi. Shu tariqa tashkilot xodimlari mahallalarga borib, aholining muammo va takliflarini xonadonma xonadon yurib o‘rganadi va mahallaning iqtisodiy rivojlanish choralari ko‘riladi.
 
Ya'ni, Davlatimiz Rahbari bundan buyon davlat tashkilotlari vakillari hamda viloyat va tumandagi mahalliy rahbarlar mahalla raislari bilan birga mahallada ishlashi, ular fuqarolar yig‘ini raisi va uning o‘rinbosarlariga ko‘makchi bo‘lishi, “mahalla raisi – islohotchi” tamoyili asosida ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishiga alohida urg‘u berdilar.Shu bilan birga, mazkur tizimni hayotga tatbiq etish hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan mahalla raislarini shu bo‘yicha o‘qitish yuzasidan zarur topshiriqlar berildi.
 
Qolaversa, Muhtaram Prezidentimiz yurtimizdagi qaysi oilaga kirilmasin, ayollarni qiynayotgan muammo albatta ijobiy hal qilinishi zarur ekani, shu paytga qadar bu jiddiy masalaga panja orasidan qarab kelingani, xotin-qizlar holidan faqat bayramlardagina xabar olinganini kuyinib gapirdilar. Shu bois mamlakatimizda “Ayollar daftari” joriy etilgani, bundan buyon xotin-qizlar bandligini ta'minlash, ularning kayfiyati, ruhiy holati bilan tizimli ravishda ishlanishi lozimligini alohida ta'kidlab o‘tdilar.
 
Shuningdek, Muhtaram Prezidentimiz mahallalarda jinoyatchilikni oldini olish masalalariga ham alohida e'tibor qaratib, mahalla xodimlari har bir sodir etilgan huquqbuzarlikdan xabardor bo‘lishi, ushbu salbiy holatni jinoyat sodir etgan shaxsning ota-onasi bilan muhokama qilishi kerakligini hamda bundan buyon mahalla tizimi xodimlarining oylik maoshlari hududda jinoyatning jilovlangani, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari” bilan ishlashdagi natijalariga qarab oshirib borilishini ta'kidlab o‘tdi. 
 
Bir so‘z bilan aytganda, davlat idoralari mahalla ichiga kirib, aholi muammolarini atroflicha o‘rganishi, xalqqa yanada yaqinlashib, odamlarning taklif va istaklarini amalga oshirish uchun ularga yaqindan ko‘mak berishi jamiyatimizdagi og‘riqli muammolarni tizimli ravishda hal etishga zamin yaratadi. Bu esa yurtda tarqqiyot va farovonlik darajasi yanada yuksaladi, deganidir.
 
Rahmat MAMATOV,
 
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri,Oliy Majlis Senati a'zosi

Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi

Поделиться