Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 15-dekabr kuni hukumat delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) Prezidenti Shinichi Kitaoka bilan uchrashuv o‘tkazdi, unda moliyaviy, texnik, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari va istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida tomonlar O‘zbekistonda, xususan, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta'lim va boshqa sohalarda umumiy qiymati 2,9 mlrd dollarlik qo‘shma loyihalarni yuqori amalga oshirish sur'atlarini qayd etdilar. Yaponiya tomoni Respublikamiz meva-sabzavot sektorining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirish orqali qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish borasida qiziqish bildirdi.
Shunday qilib, “O‘zbekistonda meva-sabzavot sohasida qiymat zanjirini rivojlantirish” loyihasining qo‘shimcha 200 mln dollarlik ikkinchi bosqichini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Loyiha birinchi bosqichining yuqori natijadorligi qayd etildi, uning doirasida qishloq joylarda 85 issiqxona va 11 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
Tomonlar qishloq joylarini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishni faollashtirish bo‘yicha hamkorlikdagi chora-tadbirlarga alohida e'tibor qaratdilar. “Bir qishloq-bir mahsulot" loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Jizzax viloyati loyiha amalga oshiriladigan pilot hudud bo‘ladi. Loyiha BMTning barqaror rivojlanish kun tartibidagi maqsadlariga erishishga yordam beradi va kichik va o‘rta biznesni keng rivojlanishiga ko‘maklashadi.
Shuningdek, ilg‘or yapon tajribasi va texnologiyalaridan foydalangan holda O‘zbekiston iqtisodiyotining aniq tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga Yaponiyaning yetakchi kompaniyalarini jalb etishda JICA tomonidan yordam berilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston tomoni 2021-yilning yanvar oyidan boshlab Yaponiyaning qator yirik korporatsiya va moliya institutlarida yetakchi lavozimlarni egallagan yaponiyalik ekspert - Xiroo Ivazakining to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri maslahatchisi bo‘lib ishlashga jalb etilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar keng ko‘lamli sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab oldilar.
Xususan, Yaponiya tomoni O‘zbekiston hududlaridan birida ko‘p tarmoqli shifoxona qurish loyihasini hamkorlikda ishlab chiqish taklifi bildirildi. Loyiha JICA grant mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Yaponiya tomoni o‘zbekistonlik talabalar uchun Yaponiyadan yetakchi olim va ekspertlarni jalb qilgan holda ma'ruza va mahorat darslarini tashkil etishni ko‘zda tutuvchi “JICA Chair” grant dasturini ishga tushirishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, JICA rahbariyati Yaponiyaning yetakchi universitetlarida o‘zbekistonlik talabalarni o‘qitish uchun ajratilgan grantlar sonini ko‘paytirish niyatini ma'lum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin kelajakda koronavirus pandemiyasi munosabati bilan yo‘lovchi havo transportida joriy etilgan cheklovlar bekor qilinishi bilan, Sh.Kitaokaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil qilishga kelishib oldilar, tashrif davomida kelgusidagi hamkorlikning belgilangan yo‘nalishlari batafsil muhokama qilinadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi