O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
YUNESKO Bosh direktorining madaniyat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘zbekiston madaniy merosi haftaligi ishtirokchilari va mehmonlariga tabrik yo‘lladi
2020-12-14 | Madaniyat
YUNESKO Bosh direktorning madaniyat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ernesto Ottone joriy yil 15-dekabr kuni Toshkentda boshlanadigan O‘zbekiston madaniy merosi haftaligi ishtirokchilari va mehmonlariga tabrik yo‘lladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
E.Ottone o‘z tabrigida O‘zbekistonda YUNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan beshta va Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan oltita obyekt borligini taʼkidlagan.
“O‘zbekistonning madaniy boyligi mamlakat kelajagini qurishda muhim poydevor bo‘la oladi. Madaniyat insonga tenglik va o‘xshashlik hissini beradi va jamiyatlar orasida o‘zaro moyillik uyg‘otadi, shaharlar esa ko‘proq yangiliklar beradi. Shu bilan birga madaniy meros va ijod, ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirish orqali, qashshoqlik ko‘lamini kamaytirishda ham muhim rol o‘ynaydi», deb qayd etgan YUNESKO rahbariyati vakili.
YUNESKO Bosh direktorining o‘rinbosari, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida madaniyat sohasiga alohida eʼtibor berilganini qayd etdi. «O‘zbekistonning ushbu saʼy-harakatlari YUNESKOning madaniyat sohasidagi missiyasiga to‘liq mos keladi va ular yuksak qadrlanadi», deyiladi tabrikda.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi