O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Janubiy Koreyaning Chinchon shahridagi vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi
2020-12-14 | Yoshlar
Kecha mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kvangju shahridagi vakolatxonasi hamda Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi tomonidan Chinchon shahrida ushbu davlatda tahsil olayotgan va vaqtincha mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda fuqarolarimizga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi, migrant ishchilar va talabalarning mavjud muammolarini hal qilish bo‘yicha hamda konsullik-huquqiy masalalarda zarur maslahatlar berildi.
Mazkur uchrashuvning avvalgilaridan farqli tomoni shunda bo‘ldiki, unda epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda yurtdoshlarimizga nafaqat bevosita, balki onlayn tarzda ham ishtirok etish imkoniyati taqdim etildi. Ushbu onlayn-muloqot Instagram ijtimoiy tarmog‘ida 130 mingdan ortiq obunachiga ega bo‘lgan bloger Obid Karimov tomonidan o‘z sahifasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Tadbirda fuqarolarimizga Janubiy Koreyada so‘nggi kunlarda kuzatilayotgan jiddiy epidemiologik holatni hisobga olgan holda ehtiyot choralarini ko‘rish, ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqob taqib yurish, bu borada mamlakat hukumati tomonidan qo‘yilayotgan barcha qonuniy talablarga qatʼiy amal qilish zarurligi tushuntirildi.
Shuningdek, ishtirokchilarning pandemiya sharoiti tufayli vujudga kelgan muammolari, migrant ishchilar va talabalarning Koreya Respublikasi hududiga kirib kelish, xorijga chiqish biometrik pasporti olish, FHDYO hujjatlarini rasmiylashtirish va shu kabi boshqa savollariga atroflicha javob qaytarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil 17-avgust kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi, unda xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz uchun munosib sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash, shuningdek, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini boshlashni rejalashtirganlar uchun imtiyoz va preferensiyalar taqdim etish masalalari ko‘rib chiqilgani haqida batafsil maʼlumot berildi.
Yurtdoshlarimizga yaqinda tashkil etilgan Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi haqida ham maʼlum qilinib, ushbu uyushma ishida faol ishtirok etishga chaqirildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi