O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni faollashtirish mexanizmlari muhokama qilindi
Joriy yilning 11-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Luidji di Mayo bilan videokonferensiya shaklida muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida tomonlar savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi O‘zbekiston-Italiya hamkorligining dolzarb kun tartibini hamda mamlakatlar o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Ishbilarmonlikda erishilgan sheriklik samaradorligi va o‘sish sur'atlariga ijobiy baho berildi - Italiya kompaniyalarining O‘zbekistondagi loyihalarni amalga oshirishda muvaffaqiyatli ishtiroki, shuningdek Italiya biznesi vakillarining qishloq xo‘jaligi va sanoatning turli sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishga qiziqishi ortib borayotganligi qayd etildi.
Xususan, Italiyaning “Danieli” kompaniyasi Toshkent metallurgiya zavodini qurish va jihozlashda ishtirok etib, hozirgi vaqtda Bekobod shahrida quyma-prokat majmuasini yaratish bo‘yicha loyihani amalga oshirmoqda. Qishloq xo‘jaligi sohasida “Opera” kompaniyasi ishtirokida za'faron o‘stirish bo‘yicha plantasiya yaratilmoqda, qurilish materiallari sohasida esa “Italmatec” kompaniyasi bilan hamkorlikda marmar, granit va ohaktoshdan panellar ishlab chiqarilmoqda.
Shu bilan birga, ikki mamlakat iqtisodiyotining o‘zaro bog‘liqligi yirik sanoat ishlab chiqarishini yaratishga qaratilgan qo‘shimcha loyihalarni ishlab chiqish orqali investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun qulay sharoit yaratayotgani ta'kidlandi. Kimyo va neft'-kimyo, to‘qimachilik, charm-poyabzal sanoati, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalari yangi loyihalarni amalga oshirishning istiqbolli yo‘nalishlari etib belgilandi.
Ikki tomonlama biznes sheriklikni chuqurlashtirish, shu jumladan, ikki mamlakat ishbilarmon missiyalarining o‘zaro tashriflari va ishbilarmon doiralar ishtirokida qo‘shma tadbirlarni tashkil etish orqali samarali o‘zaro hamkorlik qilish mexanizmini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Innovasiyalar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlikning istiqbollariga to‘xtalib o‘tildi – tomonlar O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari bilan Italiyaning Milliy innovasiya jamg‘armasi o‘rtasida o‘zaro amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini, va, xususan, O‘zbekistonda yoshlar “startaplarini” qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma dasturni boshlab yuborish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar muloqot davomida muhokama qilingan barcha yo‘nalishlarda natijador hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarga o‘zlarining ikki tomonlama sodiqligini ta'kidladilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi