O‘zbekiston va YeTTB yangi loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlikni kengaytirmoqda
Joriy yilning 9-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov videokonferensiya shaklida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) Prezidenti Odil Reno-Basso bilan muzokaralar o‘tkazdi.
YeTTB rahbari O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning izchilligi va jadalligiga yuqori baho berdi, shuningdek, Bankning Respublikadagi iqtisodiy o‘zgarish jarayonlariga moliyaviy, investitsiyaviy va maslahat ko‘magi berishni davom ettirishga sodiqligini bildirdi.
Muloqot davomida energetika, uy-joy va kommunal xo‘jaligi, ekologiya va xususiy sektor sohalaridagi umumiy qiymati 1 mlrd yevrodan ortiq bo‘lgan qator loyihalar amalga oshirilishi batafsil ko‘rib chiqildi. Tomonlar mazkur loyihalar ijrosini jadallashtirish imkoniyatlari, shuningdek, pandemiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy ta'sirini bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikning istiqbolli mexanizmlari yuzasidan fikr almashdilar.
Videokonferensiya davomida YeTTB bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ishlab chiqilayotgan loyihalar bilan bog‘liq amaliy jihatlar va ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari ham muhokama qilindi.
Bank Prezidentining fikricha, O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishda YeTTB uchun g‘oyat jozibador va istiqbolli yo‘nalish bo‘lgan xususiy sektordagi loyihalarni moliyalashtirish masalalari alohida muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida Odil Reno-Basso bank-moliya sektori va kapital bozorida islohotlarni jadallashtirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. YeTTB rahbariga ko‘ra, mukammal va raqobatdosh muhitni yaratish nafaqat mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etilishini faollashtirish, balki mahalliy korxonalar va aholini faol tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga rag‘batlantirish imkonini beradi.
Muzokaralar yakunida “Hayot uchun muxim infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash dasturi: elektroenergetika sektorini qo‘llab-quvvatlash uchun kredit” va “Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida “Oqtosh” va “Poshhurt” yer osti suvlari manbalaridan suv quvurini tortib kelish orqali suv ta'minotini yaxshilash uchun tarmoqlarni qurish va rekonstruksiya qilish” loyihalarini amalga oshirish doirasida umumiy qiymati 150,0 mln dollarlik qarz bitimlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, muzokaralar yakunida ishtirokchilar erishilgan yuqori darajadagi ishonch va sheriklikni saqlab qolish hamda yangi istiqbolli yo‘nalishlarda o‘zaro aloqalarni faollashtirish orqali O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga umid bildirdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi