O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy Majlis Senati qo‘mitasida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi axboroti eshitildi
2020-12-10 | Jamiyat
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisining millatlararo munosabatlar sohasida mavjud holat yuzasidan axboroti eshitildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elatlarning vakillari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari taqdim etgan teng huquq va imkoniyatlardan foydalanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada, ilm-fan va madaniyat sohalarida samarali mehnat qilib, Vatanimizning gullab-yashnashiga va uning mustaqilligini mustahkamlashga, respublikaning xalqaro maydondagi obro‘-eʼtibori va imijini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Mustaqillik yillarida xalqimizning birligi va jipsligini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan milliy madaniy markazlarning 130 nafarga yaqin faollari faxriy unvonlarga sazovor bo‘ldi, orden va medallar bilan taqdirlandi.
Turli millatlar vakili bo‘lgan 14 nafar tashabbuskor va fidoyi yurtdoshlarimiz “O‘zbekiston Qahramoni” yuksak unvoni bilan mukofotlanganini alohida taʼkidlash o‘rinlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-maydagi Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etilgan.
Bugungi kunda Qo‘mita mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan jami 144 ta milliy madaniy markaz va 38 ta do‘stlik jamiyati hamda xorijdagi vatandoshlarning 38 ta jamiyati bilan hamkorlik qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-maydagi Farmoniga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida “Do‘stlik uylari” tashkil etilgan.
Muhokamalar chog‘ida senatorlar sohada amalga oshirilgan ishlar bilan birga respublika va viloyat miqyosida eʼtibor qaratish zarur bo‘lgan masalalar ham mavjudligini taʼkidladi.
Xususan, «Xalqlar do‘stligi va umumxalq birdamlik kuni»ni joriy etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini qisqa muddatlarda parlamentga kiritish, «Xalqlar do‘stligi» ko‘krak nishonini taʼsis etish yuzasidan hukumat qarorini qabul qilish, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining axborot-tahlil faoliyatini kuchaytirish, «Do‘stlik uylari» va madaniy markazlar faoliyati samaradorligini oshirish, Orolbo‘yi hududida istiqomat qiluvchi turli millat va elatlarning totuvligini mustahkamlash, ularning tili va urf-odatlarini asrab-avaylash va boshqa takliflar bildirildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi