Farg‘onada O‘zbekiston Respublikasi chegaraoldi viloyatlari rahbarlari va Qirg‘iziston Respublikasi Hukumatining chegaraoldi viloyatlaridagi vakolatli vakillari Kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 8-dekabr kuni Farg‘ona shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi A.Novikov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida joriy ko‘p qirrali sheriklik masalalari, shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro aloqalarni kengaytirish bo‘yicha istiqbolli choralar muhokama qilindi.
Savdo sohasida ijobiy tendensiyalar qayd etildi - so‘nggi uch yil ichida o‘zbek-qirg‘iz tovar aylanmasi hajmi 5 barobardan ziyod o‘sdi va pandemiya sharoitida ham ijobiy dinamikani saqlab qoldi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik darajasi va iqtisodiyotlarining salohiyatini hisobga olgan holda, tomonlar o‘zaro savdo hajmini yaqin kelajakda 1 mlrd dollar darajasigacha yetkazish maqsadida uni ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shma choralarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Shu nuqtai nazardan, chegaraoldi savdo zonalarini, shuningdek, chegaraoldi viloyatlarda ulgurji tarqatish va agrologistik markazlarni yaratish istiqbollari qayd etildi, bu o‘zbek va qirg‘iz mahsulotlarini istiqbolli bozorlarga yetkazib berishni oshirish va tovar aylanmasi tarkibini diversifikasiya qilishga imkon beradi.
Tomonlar, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdilar, xususan, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi texnikasi, to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari va farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda yuqori salohiyatni qayd etdilar.
Shu munosabat bilan kelishilgan loyihalarni va savdo, transport va o‘zaro investitsiyalar sohasida mavjud to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq amaliy choralarni o‘z ichiga olgan Qirg‘iziston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha Amaliy choralar rejasini ("Yo‘l xaritasi") ikki tomonlama ishlab chiqishni tezlashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Shuningdek, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasining yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish va savdo hamkorligini rivojlantirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shma choralarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Hukumat rahbarlari darajasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning 9-chi yig‘ilishi doirasida Ishbilarmonlik kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish - ushbu choralar qatoridadir.
Transport sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi - tomonlar "XXR-Qirg‘iziston-O‘zbekiston" temir yo‘l yo‘lagidan foydalanish masalasida yaqin hamkorlikni davom ettiradilar.
Shuningdek, tomonlar Markaziy Osiyo davlatlari orqali Xitoydan Yevropaga mul'timodal yuk tashish tizimida "Andijon-O‘sh-Irkeshtam-Qashg‘ar" avtomobil' yo‘nalishidan samarali foydalanishni ta'minlash zarurligini ta'kidladilar.
Shu bilan birga, tomonlar kelishilgan avtobus yo‘nalishlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasida xalqaro yo‘lovchi tashishni qayta boshlashni tezlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Hududiy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy choralarga alohida e'tibor qaratildi - hududiy qo‘lamda yuzaga kelayotgan masalalarga tezkor munosabat bildirish va ularni hal qilishda o‘zaro yordam ko‘rsatish uchun ikki mamlakatning chegaraoldi viloyatlari rahbarlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish mexanizmini yaratish dolzarbligi qayd etildi.
Ushbu va boshqa masalalar uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi chegaraoldi viloyatlari rahbarlari va Qirg‘iziston Respublikasi Hukumatining chegaraoldi viloyatlaridagi vakolatli vakillari Kengashining uchinchi yig‘ilishida batafsil muhokama qilindi, unda delegasiyalar rahbarlaridan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hokimlari, Qirg‘iziston Respublikasining Botken, Jalolobod va O‘sh viloyatlaridagi Hukumatning vakolatli vakillari, shuningdek, har ikki davlat vazirliklari va idoralari rahbarlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilish doirasida mintaqaviy kun tartibini hisobga olgan holda ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish jihatlari batafsil va har tomonlama ko‘rib chiqildi, shuningdek, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda ustuvor vazifalar belgilab olindi. Mintaqalararo faol hamkorlik qilish asosida investitsiya, savdo, tadbirkorlik va madaniy-gumanitar sheriklik sohalarida chegara oldi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi. O‘zaro manfaatlar kesishmasining keng doirasini va iqtisodiy kooperatsiyaning yangi shakllarini o‘rnatish bo‘yicha istiqbolli g‘oyalar mavjudligini hisobga olgan holda, ustuvor tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasi va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirish masalalarini ko‘zda tutgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mintaqaviy darajada kengaytirish bo‘yicha ikki mamlakatning chegaraoldi viloyatlari ma'muriyatlari tomonidan alohida "Yo‘l xaritalari"ni ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston Respublikasi Hukumatining chegaraoldi viloyatlaridagi vakolatli vakillari Kengashining uchinchi yig‘ilishining Bayonnomasi imzolandi.
Shuningdek, tashrif doirasida Qirg‘iziston delegasiyasi bir qator ishlab chiqarish ob'ektlari, jumladan, "Eko-Kerama" maishiy santexnika va qurilish keramika ishlab chiqarish zavodi, "Narin Teks" to‘qimachilik korxonasi hamda vino va alkogolli ichimliklar ishlab chiqarish bo‘yicha "Frans Uzbekistan" QK faoliyati bilan tanishdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi