Toshkent harbiy okrugiga qarashli safarbarlik chaqiruv rezervi batalyonlaridan birida harbiy xizmatchilarning bir kunlik faoliyatiga nazar tashlandi.
Harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar, harbiy xizmatchilarning jangovar va ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari bir guruh o‘quvchi-yoshlar hamrohligida kuzatib borildi.
Yurtimizda Bosh qomusimiz qabul qilingan kun munosabati bilan harbiy qism madaniyat markazida davra suhbati tashkil etilib, unda Guliston harbiy prokurorining yordamchisi adliya katta leytenanti Alisher Ahmedov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo tumani Kengashi raisi o‘rinbosari Safiya Abdulqodirova hamda Sirdaryo tumanining 3-, 42-maktab o‘quvchilari ishtirok etdi.
Qiziqarli kechgan tadbirdan so‘ng yoshlar harbiy qismdagi jangovar qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar haqida boshlang‘ich ma'lumotlarga ega bo‘lishdi. Ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida esa Amir Temurning harbiy yurishlariga oid manbalar, xususan, “Temur tuzuklari”, Lyus'en Kerenning “Amir Temur saltanati” asarlarining g‘oyaviy-badiiy jihatlari o‘rganildi.
Harbiy qism elektron kutubxonasida harbiy xizmatchilar ijtimoiy saytlar orqali yurtimiz va dunyo hayotida kechayotgan harbiy, ijtimoiy-siyosiy yangiliklarni doimiy o‘qib borishlari mumkin. Shuningdek, Ziyonet portalidagi 6 000 dan ortiq elektron va audio kitoblar foydalanuvchilar ixtiyorida.
Badiiy kutubxonada esa ilmiy va ommabop, badiiy-siyosiy hamda gazeta va jurnallardan tashkil topgan 2000 donadan ortiq o‘quv adabiyotlari va qo‘llanmalar, nashrlar mavjud.
Harbiy xizmatchilarning sog‘lom hayot kechirishlarida tibbiyot xodimlarining ham hissasi katta. Barcha sharoitlarga ega bo‘lgan tibbiyot punktida harbiy xizmatchilar har kungi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, hamshiralar tomonidan zaruriy muolajalar olib boriladi.
Navbatdagi o‘quv nuqtasida harbiy xizmatchilar otish tayyorgarligi mashg‘ulotidan o‘qotar qurollarning texnik-taktik xususiyatlari, qurol-aslahalar ehtiyot qismlarining nomlanishi, ularni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish bo‘yicha nazariy-amaliy saboqlar olishdi.
Keyingi o‘quv nuqtamiz DK-440 fotoelektron o‘q otish trenajyori bo‘ldi. Bu yerda harbiy xizmatchining sinchi va sergakligi sinovdan o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlar guruh sardori tomonidan baholab borildi va merganlar e'tirof etildi.
Yana bir muhim o‘quv nuqtalaridan birida shubhasiz, jangchining sabru irodasi imtihondan o‘tadi. Taktik shaharchadagi mashg‘ulotlarda jang maydonidagi xatti-harakatlar, jangdagi manyovr usullari o‘rgatiladi.
– Bundan ko‘zlangan maqsad – jangchining jangovar ruhini barqarorlashtirishdan iborat, – deydi vzvod komandiri mayor Firdavsiy Qo‘ziev. – Jangchi o‘z pozisiyasidan o‘q otib, simli to‘siqlardan o‘tadi va keyingi o‘q otish pozisiyasini egallaydi. Mashqni bajarib bo‘lgandan so‘ng mashg‘ulot rahbariga bildiruv beradi.
O‘quvchi yoshlar, shuningdek, saf tayyorgarligi, qurolsiz hamda qurol bilan saf amallarining bajarilishiga ham guvoh bo‘lishdi. Shu kuni o‘nlab yosh o‘g‘lonlarning ko‘nglida harbiy hayotga bo‘lgan mehr uyg‘ongan, ona Vatan himoyatiga bo‘lgan shijoat barq urgan bo‘lsa ajab emas.
Leytenant Bobur ELMURODOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi