“Farovonlik sari sheriklik masalalari bo‘yicha Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo muloqoti” virtual Iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 7-dekabr kuni “Farovonlik sari sheriklik masalalari bo‘yicha Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo muloqoti” virtual Iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Yevropa komissiyasi raisining o‘rinbosarlari V.Dombrovskis va M.Shefkovich, Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari D.Said, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.Sabirov, Qozog‘iston Respublikasi savdo va integratsiya vaziri B.Sultonov, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili P.Burian, Yevropa investitsiya banki vise-prezidenti T.Chervin'ska, Yevropa komissiyasi Bosh direktorining o‘rinbosari hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumat doiralarining vakillari va xorijiy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi nomidan Forumda Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov ishtirok etdi.
Tadbir YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘zaro manfaatli iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha mintaqalararo muloqot qilish maydonchasidir. Tashkilotchilarning fikriga ko‘ra, bu kabi tadbirlar barqaror qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish va mintaqaviy hamkorlikni oshirish uchun nimalar zarurligini yaxshiroq tushunishga imkon beradi.
Forum davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika sohasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, hukumatlar tomonidan pandemiya bilan bog‘liq iqtisodiy oqibatlarni yumshatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Muhokama chog‘ida “yashil” iqtisodiyotga urg‘u berilgan holda Markaziy Osiyo mamlakatlarida innovasion iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish g‘oyasiga alohida e'tibor qaratildi. Shu o‘rinda ilg‘or ilmiy va sanoat texnologiyalaridan foydalanish orqali tabiiy resurslarni oqilona iste'mol qilish amaliyotini joriy etish hisobiga energiya samaradorligini oshirishning ahamiyati alohida ta'kidlandi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining barqaror o‘sish modeliga o‘tishi uchun normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, qator bojxona va huquqiy tartibotlarni optimallashtirish, korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi tizimli kurash olib borish, xususiy sektorni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rish muhim ekanligi ta'kidlandi.
O‘zbekistonning BMT shafeligida pandemiya vaqtida davlatlarning Xalqaro ixtiyoriy majburiyatlari kodeksini qabul qilish tashabbusi xorijiy tomonning e'tiboriga havola etildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tomoni xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha axborot va tajriba almashish uchun Markaziy Osiyo va YeI sog‘liqni saqlash vazirliklari hamda yetakchi tibbiyot muassasalarining birgalikdagi faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligini qayd etdi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va ko‘p tomonlama tashkilotlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.
Tadbir davomida Yevropa Ittifoqi rahbariyati vakillari O‘zbekistonning 2021-yil aprel oyida o‘zaro bog‘liqlik va barqaror rivojlanish bo‘yicha “EI - Markaziy Osiyo” Vazirlar konferensiyasini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab - quvvatlashini bildirdi.
O‘z navbatida, Yevropa tomoni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish, “GSP+" Preferensiyalar bosh tizimining benefisiar mamlakati maqomini olish, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim loyihasini kelishishda erishgan yutuqlarini olqishladi.
Forum doirasida bir qator panel' sessiyalari ham o‘tkazildi va unda ishtirokchilar mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik, raqamlashtirish va barqaror ishbilarmonlik muhitini shakllantirish sohalaridagi dolzarb masalalarni muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar Forum YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha Strategiyasini amalga oshirishga ulkan hissa qo‘shishiga va o‘zaro fikr almashish va ko‘p qirrali ko‘p tomonlama hamkorlik bo‘yicha takliflarni birgalikda ishlab chiqishda samarali platformaga aylanishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, tadbirda kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari aniqlandi va “ES - Markaziy Osiyo” birinchi Iqtisodiy forumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amaliy qadamlar belgilab olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi