Joriy yilning 1-2 dekabr kunlari Qozon shahrida o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning biznes missiyasi – “Made in Uzbekistan” roud-shouning navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida Tatariston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri A.Karimov, Tatariston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining kengashi raisi Sh.Ageev, hamda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi B.Asadov ishtirok etdilar. O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari L.Kudratov biznes – missiya ishtirokchilariga videokonferensaloqa orqali murojaat qildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” biznes missiyasi har yili turli shahar va mamlakatlarda o‘tkaziladi. Loyihaning 1,5 yillik faoliyati davomida Hindiston, Belorussiya, Tojikiston, Afg‘oniston va Turkmanistonda tadbirlar tashkil etildi.
Rossiya Federatsiyasiga tegishli bo‘lgan mazkur holda loyihaning maqsadi Rossiya va O‘zbekiston biznes jamoalari o‘rtasida barqaror uzoq muddatli hamkorlikning ishonchli mexanizmlarini yaratish va Rossiya ishbilarmon doiralari va jamoatchiligini O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar bilan keng tanitish orqali O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashdan iboratdir. Roud-shou mahsulotlarni ilgari surish uchun to‘g‘ri strategiya yaratish va hamkorlikning o‘zaro manfaatli shartlarini belgilash yo‘li bilan Rossiya bozorida o‘zbek ishlab chiqaruvchilari o‘rnini mustahkamlash, shuningdek, Rossiya mijozlari va savdo tizimlarining o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchi - eksportchilariga ishonch va qiziqishlarini oshirishga mo‘ljallangan.
Bu yil Rossiyada loyihaga Samara shahrida “Green week” agrosanoat mahsulotlarining ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi formatida start berildi. Ko‘rgazmada 40ga yaqin mahalliy qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, Eksportni rag‘batlantirish agentligi hamda Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish Agentligi vakillari ishtirok etdi. “Yashil hafta” doirasidagi biznes uchrashuvlar natijasida 40dan ortiq muzokaralar o‘tkazilib, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Rossiya Federatsiyasiga yetkazib berish bo‘yicha qator eksport shartnomalari imzolandi.
Bu yerda, Qozonda, biznes-missiyada qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, vinochilik, alkogol' va tamaki, to‘qimachilik, ipakchilik, charm-poyabzal, mebel', farmasevtika va turizm sohalarida eksportga yo‘naltirilgan sifatli mahsulotlar turlarining kengaytirilgan qatorini namoyish etgan 100 dan ortiq o‘zbek kompaniyalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirning biznes dasturi doirasida tadbirkorlarning 250dan ortiq manzilli muzokaralari, shuningdek, 20ga yaqin tematik tadbirlar: tarmoqlarda investitsiyalar va savdo sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini ochib beruvchi panel' munozaralari, davra suhbatlari, taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek, ishtirokchilar tayyor to‘qimachilik mahsulotlarining moda ko‘rgazmasida qatnashish hamda hunarmandchilik mahsulotlari va milliy o‘zbek taomlarini tayyorlash jarayonida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Qozon shahridagi biznes-missiyaning natijasida qishloq xo‘jaligi va charm-poyabzal mahsulotlari, elektronika va maishiy texnikani yetkazib berish bo‘yicha yirik shartnomalar imzolandi.
Yaqin kelajakda roud-shouni Moskva, Sankt-Peterburg va Rossiyaning boshqa yirik shaharlarida davom ettirish rejalashtirilmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi