"Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur vazifalar belgilab olindi
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida joylarda xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish, "Ayollar daftari” bilan ishlash tizimini jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Onlayn tarzda o‘tkazilgan yig‘ilishda yurtimizdagi 28 ta shahar va tumanda tajriba sifatida olib borilgan xotin-qizlarning muammolarini o‘rganishga doir "Ayollar daftari” tizimini endilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi qolgan 177 ta shahar va tumanlarda ham keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan keyingi vazifalar atroflicha muhokama etildi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Marufova o‘z so‘zi davomida belgilangan hududlardagi 30 yoshdan oshgan ayollar bilan muloqot o‘tkazish uchun har bir mahallada 8 nafardan a'zosi bo‘lgan 4 tadan Ishchi guruhi faoliyatini yo‘lga qo‘yish muhim ekanligini alohida ta'kidlab o‘tdi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida har bir tuman va shahar, sektorlarda kunlik xatlov natijalarini tahlil qilish, umumlashtirish uchun shtablar faoliyatini yanada jonlantirish, sektor rahbarlari bilan birga shahar va tumanlarda tashkil etilgan shtab a'zolarining faoliyat yuritishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, mahallalarda Ishchi guruhlar ishini muvofiqlashtirish, anketa so‘rovnomalarini to‘g‘ri to‘ldirilganligini nazorat qilish, zarur hollarda Ishchi guruh a'zolariga tushuntirishlar berish, ma'lumotlarni elektron bazaga kiritib borish bo‘yicha muhim vazifalar aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 1 dekabr' kuniga qadar mamlakatimiz bo‘yicha 53,6 foiz ayollar bilan suhbat olib borildi. Jumladan, Farg‘ona viloyatida 93,3 foiz, Navoiy viloyatida 91 foiz, Andijon viloyatida 90,8 foiz xatlov jarayonlari tugatilgan.
Yig‘ilish davomida hududlarga biriktirilgan mas'ul xodimlarga mavzuga doir zarur vazifa va tavsiyalar berib o‘tildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi