O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Hindiston: madaniy-gumanitar hamkorlikning yangi bosqichi
2020-12-02 | Madaniyat
O‘zbek va hind xalqlarining azaliy do‘stlik aloqalari so‘nggi yillarda yangicha surʼat va mazmun kasb etib, o‘zaro manfaatli hamkorlikning barcha jabhalari, jumladan, madaniy-gumanitar sohada izchil rivoj topmoqda.
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidiqov “Dunyo” axborot agentligi muxbiriga bergan intervyusida ushbu yo‘nalishdagi munosabatlarning zamonaviy holati va istiqbollari haqida so‘zlab berdi.
- Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, Hindiston bilan hamkorligimizning yangi sahifasi ochildi. Hindiston O‘zbekiston suverenitetini birinchilardan bo‘lib tan olgan davlatlar qatoriga kiradi.
Ikki davlat serqirra munosabatlari, ayniqsa, so‘nggi to‘rt yilda yana-da jadal rivoj topmoqda. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 va 2019-yillarda Hindistonga amalga oshirgan tashriflari natijalari, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi samimiy va konstruktiv muloqot alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimiz 2018-yil kuzida Hindistonga davlat tashrifi chog‘ida xalqlarimizni tarixiy rishtalar, o‘xshash anʼanalar, maʼnaviy va madaniy yaqinlik bog‘lab turishini alohida taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari bugungi kunda Hindiston jadal rivojlanayotgani, zamonaviy qiyofa kasb etayotgani, uning qudratli va iqtisodiyoti rivojlangan mamlakat sifatida jahondagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini qayd etdi.
“Biz oliy darajadagi uchrashuvlarimiz natijasida faollashib borayotgan O‘zbekiston — Hindiston munosabatlarining bugungi surʼatini yuqori baholaymiz”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari 2019-yil yanvar oyida Hindistonda “Jo‘shqin Gujarat” xalqaro sammitidagi nutqida ushbu davlat bilan uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlash - O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida taʼkidlab, qator tashabbuslarni ilgari surdi, jumladan, madaniy-gumanitar almashinuvni yana-da kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
- Furqat Ahmedovich, taʼlim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik madaniy-gumanitar munosabatlarning salmoqli qismini tashkil etadi. Yaxshi bilamizki, Hindiston bu borada ulkan salohiyatga ega...
- To‘g‘ri aytasiz, Hindiston ilm-fan, taʼlim, axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmatsevtika kabi yo‘nalishlarda dunyoda yetakchi mavqega ega mamlakatlar qatoridan mustahkam joy egallagan.
Hindiston bilan oliy taʼlim yo‘nalishidagi hamkorlik 2005-yil 5-aprel kuni qabul qilingan Taʼlim sohasida hamkorlik bo‘yicha almashinuv dasturi asosida amalga oshirilmoqda.
Bugun ikki davlat oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida 40 dan ortiq hamkorlik hujjati imzolangan. Respublikaning 22 ta oliy o‘quv yurti 50 ga yaqin hind universiteti bilan taʼlimning turli yo‘nalishlarida memorandum va bitimlar imzolagan. Hamkor oliy o‘quv yurtlari orasida Javoharlaʼl Neru universiteti, Dehli universiteti, Mavlono Ozod urdu milliy universiteti, Manipal, Gujarat, Chandigarh universitetlari, Mirzo G‘olib instituti, Hindiston texnologiya va moliya institutlari, boshqa taʼlim muassasalari bor.
O‘zbekiston azaldan hindshunoslik bo‘yicha yetuk mutaxassislar tarbiyalaydigan mamlakat hisoblanadi. Yurtimizda hind tilini tizimli tarzda, jumladan oliy bilim yurtlarida o‘qitish qariyb yarim asr avval yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Indira Gandi nomidagi Hindiston tadqiqotlar markazi faoliyat yuritmoqda.
Prezidentimizning 2019-yil 10-apreldagi «O‘zbekistonda Sharda universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Andijon shahrida mazkur oliy o‘quv yurti o‘z faoliyatini boshladi. Samarqand iqtisodiyot va servis institutida Hindiston mehmonxona menejmenti xalqaro instituti bilan hamkorlikda qo‘shma taʼlim dasturi joriy etildi.
Yaqinda Termiz davlat universitetida “Hind o‘quv xonasi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Uning ochilish marosimida Hindistonning Toshkentdagi elchisi Manish Prabhat ishtirok etdi.
O‘z navbatida, Dehlidagi Jamiya Milliya Islomiya universitetida o‘zbek tili kurslari tashkil etilgan. Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti Noida xalqaro universiteti bazasida o‘z filialini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzoladi. Bu bilan institut O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlarda o‘z filialini ochgan birinchi oliy taʼlim muassasasi mavqeiga ega bo‘ldi.
Eʼtiborlisi, yoshlarning ikki mamlakat oliy taʼlim maskanlarida o‘qishga bo‘lgan qiziqishi deyarli bir xil darajada ekanini kuzatish mumkin. Masalan, 2019/2020 o‘quv yilida O‘zbekistonda hindistonlik 70 dan ortiq yigit-qiz, Hindistonda esa o‘zbekistonlik 50 dan ziyod talaba tahsil olgan.
Taʼlim sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonda ham qator amaliy takliflar bor. Jumladan, qo‘shma taʼlim dasturlari ishlab chiqish, texnika va tibbiyot sohasidagi hamkorlikning axborot texnologiyalari, menejment va farmakologiya yo‘nalishlarini yana-da kengaytirish, Hindiston madaniy aloqalar kengashi (ICCR) va Hindiston texnik va iqtisodiy hamkorlik dasturi (ITEC) tomonidan O‘zbekiston vakillariga hind universitetlarida o‘qish, ilmiy muassasalarida malaka oshirish va tadqiqotlar olib borish uchun ajratiladigan stipendiyalar (grantlar) sonini oshirish masalalari kun tartibidan o‘rin olgan.
- Shu o‘rinda axborot texnologiyalari va innovatsiyalar mavzusiga alohida to‘xtalishingizni istardik.
- Hindistonning bu sohalardagi salohiyatiga taʼrif berishga, menimcha, zarurat yo‘q, chunki buni hammamiz yaxshi bilamiz. Men ushbu sohadagi o‘zaro hamkorlik so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilganini taʼkidlamoqchiman.
Xabaringiz bor, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU)da tashkil etilgan Hind-o‘zbek axborot texnologiyalari markazi bu boradagi dastlabki loyihalardan biri edi. Markaz faoliyati yillarida bu yerda 30 mingdan ortiq mutaxassis dasturlash tillarini o‘zlashtirdi, zamonaviy AKTdan foydalanish saboqlarini oldi. Hozir Hindiston ilg‘or kompyuter texnologiyalarini rivojlantirish markazi (CDAC) bilan hamkorlikda TATUdagi mazkur o‘quv maskanini yana-da takomillashtirish masalasi o‘rganilmoqda.
Hindiston elektronika va axborot texnologiyalari vazirligi qoshidagi Dasturiy texnologiyalar parklari jamiyati bilan hamkorlikda Toshkentda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) tashkil etilgani katta voqea bo‘ldi.
IT-parkda mazkur yo‘nalishni rivojlantirish va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hind tajribasi o‘rganilmoqda va joriy qilinmoqda. IT-park faoliyat boshlaganiga bir yildan oshgan bo‘lishiga qaramasdan, bu yerdagi rezidentlarining soni 400 ga yaqinlashib qoldi, viloyatlarda uning filiallari tashkil qilinmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 7-yanvardagi «Toshkent shahrida Amiti universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori asosida Amiti universiteti poytaxtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan dasturiy taʼminot mutaxassisligi va sunʼiy intellekt, axborot texnologiyalari marketingi yo‘nalishlarida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlashni boshladi. Bu yerda 20 ga yaqin yuqori malakali hindistonlik mutaxassis dars berayotgani ham taʼlim sifati darajasidan dalolat berib turibdi.
Innovatsiyalar sohasidagi loyihalar ham hayotga jadal tadbiq qilinmoqda. Masalan, Innovatsion rivojlanish vazirligining yangi binosida Hindistonning “Routern.com” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Aqlli bino” mexanizmi joriy qilindi, vazirlik huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazida sunʼiy intellektga asoslangan innovatsion texnologiyalar bo‘yicha treninglar o‘tkazilmoqda.
2020-2022 yillarga mo‘ljallangan fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik dasturi doirasida hind mutaxassislari bilan qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, AKT, sog‘liqni saqlash va tibbiyot texnologiyalari, materialshunoslik, tabiiy fanlar, biotexnologiya va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Eʼtiborlisi, hamkorlik ko‘lami mamlakatimiz mintaqalarini ham qamrab olayapti. Masalan, Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi “Mirzaev Shavkat” fermer xo‘jaligi va Hindistonning “Nath Bio-Genes” kompaniyasi vakillari birgalikda paxta, makkajo‘xori va sabzavotlarning elita urug‘lari yetishtirishga kelishib olgan. “Paragon Irrigation Pvt. Ltd” kompaniyasi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida tomchilatib sug‘orish uskuna va jihozlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
- Furqat Ahmedovich, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi madaniy-maʼrifiy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida ham so‘zlab bersangiz.
- Xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy madaniy-maʼrifiy aloqalar izchil rivoj topmoqda. Bu boradagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish kun tartibidagi asosiy masalalardan biri hisoblanadi.
2018 yil bahori va kuzida Dehli, Kalkutta va Mumbay shaharlarida O‘zbekiston madaniyat kunlari va O‘zbek kinosi festivali o‘tkazilib, mahalliy xalq tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Xalqlarimiz sanʼat namoyondalari O‘zbekiston va Hindistonda o‘tkaziladigan festival, konferensiya va boshqa anjumanlarda muntazam faol ishtirok etadi. Samarqand shahrida 2019 yilgi «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida “Hindiston-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati raisi Anil Shastri, “Debapriya & Samanwaya” musiqiy jamoasi, Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalida “Jodhpur Riff” festivali direktori Diva Bxati, 2020 yil “XXI asr xalq raqsi” – “Buxoro jilolari” xalqaro ilmiy konferensiyasida musiqashunos olim Patel Parul Prabudda qatnashdi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyi ijodiy guruhi Dehli xalqaro festivalida bizning milliy sanʼatimizni namoyish etdi, mamlakatimizning nufuzli delegatsiyasi Xaryana shtatida “Surajkund Crafts Mela” sanʼat, madaniyat va hunarmandlik festivalining mehmoni bo‘ldi.
Kino sanʼati xalqlarimizning o‘zaro madaniy aloqalarida alohida o‘rin tutadi. Bu yo‘nalishda ham so‘nggi paytlarda erishilayotgan amaliy natijalar ko‘lami kengaymoqda, ikki davlat vakillari hamkorlikda badiiy film va seriallar tasvirga olish bo‘yicha loyihalar tayyorlamoqda. “O‘zbekkino” milliy agentligi Hindistonning “Wingspan group” kompaniyasi tomonidan “Bobur” serialini O‘zbekistonda tasvirga olish bo‘yicha memorandum imzoladi. Mazkur hujjatga binoan hind kinoijodkorlari Farg‘ona, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlarida suratga olish ishlarini amalga oshiradi.
O‘zbekistonlik yosh kinoijodkorlarning ITEC dasturi doirasida Hindistonda malaka oshirish yuzasidan kelishuvga erishilgan.
1995-yildan buyon Toshkent shahrida faoliyat yuritib kelayotgan Laʼl Bahodur Shastri nomidagi hind madaniyat markazining ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashda alohida o‘rni bor, albatta.
Markaz har yili o‘zbekistonlik talabalarga Hindistonning yetakchi taʼlim muassasalarida texnik va gumanitar mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qish uchun stipendiyalar taqdim etadi. Bu yerda til kurslari tashkil etilgan, raqs, musiqa, yoga, hind musiqa asboblarida ijro etish saboqlari berilmoqda. Darslar hind va o‘zbek o‘qituvchilari tomonidan olib borilmoqda.
Joriy yil 26-oktabr kuni poytaxtimizda mazkur madaniyat markazi tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nurning Hindiston mavzusida chizilgan rasmlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
- Albatta, turizm sohasidagi hamkorlik haqida so‘zlamasak, madaniy-gumanitar aloqalar haqidagi taassurot to‘la bo‘lmaydi.
- Fikringizga qo‘shilaman, chunki so‘nggi yillarda mazkur yo‘nalishda ham salmoqli yutuqlarga erishilmoqda.
2019-yil mamlakatimizga Hindistondan 2015-yilga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘p sayyoh tashrif buyurgani ham fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Hind kompaniyalari «Ipak yo‘lida turizm» Toshkent xalqaro turizm yarmarkasining faol ishtirokchilari hisoblanadi. 2018-yil Hindiston ushbu anjuman doirasida “Incredible India” milliy stendini namoyish etdi, ikki mamlakat vakillari o‘rtasida samarali muzokaralar tashkil etildi.
2019-yil Toshkentda o‘tkazilgan turizm sohasidagi Birinchi investitsiya forumida hind ommaviy axborot vositalari vakillarining katta guruhi qatnashib, O‘zbekiston sayyohlik va investitsiyaviy salohiyati haqida turkum reportajlar va videofilmlar tayyorladi. Buxoro shahrida tashkil qilinadigan ziyorat turizmi mavzusidagi xalqaro forum ham mamlakatlarimiz tadbirkorlari uchun samarali muloqot va o‘zaro manfaatli bitimlarga erishish uchun qulay maydonchaga aylangan.
Taniqli hind modelyer-dizayneri, shaxsiy brend asoschisi Ritu Beri o‘tgan yili mamlakatimizning Hindistondagi turizm va madaniyat elchisi etib tayinlandi. Yurtdoshlarimiz ushbu ayol haqida to‘laroq tasavvurga ega bo‘lishi uchun shuni aytishni istardimki, Hindistonda uni “Moda malikasi” va “Hind modasining birinchi ayoli”, deb atashadi.
Ritu Beri o‘zbek madaniyati va tarixining muxlisi. Dizayner o‘tgan yili sentyabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. U mamlakatimizning madaniy jihatdan Hindistonga yaqinligi o‘zaro munosabatlarni yana-da mustahkamlashda muhim omil ekanini taʼkidlab, O‘zbekiston hind oilalari uchun ommabop sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.
Hindiston aholisi o‘rtasida O‘zbekiston turizm salohiyatini namoyish etish va ularni mamlakatimizga jalb etish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu mamlakatdagi elchixonamiz Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Hindistonda tashkil etilayotgan ko‘rgazma va festivallarda faol ishtirok etib kelmoqda. Ularda yurtimiz imkoniyatlari, tarixiy shaharlarimiz va ziyoratgohlarimiz xususida rang-barang taqdimotlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, yuqorida aytib o‘tilgan «Jo‘shqin Gujarat» forumi doirasida mamlakatimiz imkoniyatlari xususida axborot beradigan yirik pavilyon tashkil etildi. Unda o‘zbek sanʼati, madaniyati, milliy oshxonamiz va tarixiy obidalarimiz aks etgan eksponatlar namoyish etildi. O‘tgan yil Hindistonda tashkil etilgan 10 dan ziyod turistik yarmarkada mamlakatimiz vakillari faol qatnashdi.
Umuman olganda, ochiqlik, o‘zaro anglashuv va manfaatlarga hurmat asosida bunyod etilgan O‘zbekiston - Hindiston munosabatlari bundan keyin ham mustahkamlanib boraverishiga ishonamiz.
- Mazmunli suhbat uchun katta rahmat!
Manba: “Dunyo” axborot agentligi