O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Viloyat hokimi sayyor qabulda yoshlarga 100 nomdagi kitoblar sovg‘a qildi
2020-12-01 | Yoshlar
Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev Zafarobod tumanida o‘tkazgan navbatdagi sayyor qabulida aholining kundalik turmushi bilan bog‘liq yuzdan ziyod murojaat tinglanib, ularda ko‘tarilgan masalalarni hal etish yuzasidan tegishli chora tadbirlar belgilandi.
Keyingi yillarda tumanni ijtimoiy, iqtisodiy rivojlantirishda sezilarli siljishlarga erishilgan bo‘lsada, sayyor qabul davomida tushgan murojaatlar aholining turmush faravonligini oshirish, odamlarga qulay yashash sharoitlari yaratishda kamchilik va muammoli masalalar hali ko‘pligini ko‘rsatdi. Demak, hududda odamlarning dardu-tashvishini eshitish, turli-xil muammoli masalalarga qonuniy yechim topishda mahalliy davlat organlari va tashkilotlari tomonidan yetarli ish olib borilmayotir. Vaholanki, ko‘tarilgan murojaatlarda ko‘tarilgan masavlalarning aksariyatini joyida hal etish imkoniyatlari bor.
–Ko‘chamizga shag‘al yotqizish ishlari yakuniga yetmay qolib ketgandi, – deydi tumandagi «Nurafshon» qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi Oqqo‘rg‘on ko‘chasida yashovchi fuqaro Zulxumor Azimova. – Natijada, 700 metr loy ko‘chadan yurishga majburmiz. Sayyor qabulda shu masala o‘z yechimini topadigan bo‘ldi. Buning uchun viloyatimiz hokimiga minnatdorchilik bildiraman.
Mahalliy davlat organlari, o‘zini o‘zi boshqarish idoralari mas’ullari aholiga ichiga kirib, odamlar bilan doimiy muloqot qilishlari yo‘lga qo‘yilsa, fuqarolarning qonuniy talablari bajarilib, muammolar to‘planib qolmaydi. Aksariyat hollarda ishga shu ana shunday yondoshuv yetishmasligi tufayli yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, barqaror yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turli toifalarining moddiy farovonligini oshirish borasida kamchiliklar ko‘zga tashlanadi.
Masalan, ish so‘rab murojaat qilgan Dilnoza Maqsadovaning muammosini avvalroq ham hal etish mumkin edi. Sayyor qabulda uning murojaatlari o‘rganilib, «Har bir oila - tadbirkor» davlat dasturi asosida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkoniyati borligi anqlandi. Shu maqsadda unga tikuv mashinasi berildi.
Shuningdek, ommaviy sayyor qabul davomida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, maktabgacha ta’lim muassasasi, maishiy shaxobchalar qurish, yer maydoni ajratish, yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash kabi sohalar bo‘yicha qilingan murojjatlar ham yechimini topdi.
Viloyat xokimi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimlik tuzilmalari rahbarlariga aholi bilan bevosita muloqotda bo‘lib, odamlarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Sayyor qabul doirasida viloyat xokimi yoshlar ittifoqi sardorlari hamda bir guruh yoshlar bilan uchrashib, ularning murojaatlarini, taklif va istaklarini eshitdi. Hokim uchrashuvda yoshlarga 100 nomdagi kitob sovg‘a qildi.
T.BEKNAZAROV
Manba: O'zA