Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni rag‘batlantirishning yangi mexanizmlari
Joriy yilning 27-29 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida eksport va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha Hukumat komissiyasi a'zolari vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarini jalb etgan holda joylarga chiqib Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining joriy holatini o‘rganish va uning jadal o‘sishini rag‘batlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning monitoringini olib bordi.
12ta ishchi guruhi rahbarlarining hududning qishloq xo‘jaligi, sanoat, tadbirkorlik, qurilish, axborot-kommunikasiya tarmog‘i, turizm va infratuzilmaviy rivojlantirish, qambag‘allikni qisqartirish sohalarida aniqlangan muammolar va amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotlari o‘rganildi.
Viloyatda ish olib borish jarayonida yangicha yondashuv qo‘llanildi - viloyatning shahar va tumanlaridagi 519ta mahallaning barchasi bandlik, ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy rivojlanish darajasiga ko‘ra turkumlashtirildi.
Shu bilan birga, har bir shahar va tumandagi sektor rahbariga vazirliklar, idoralar va tijorat banklari rahbarlari bilan birgalikda mahallalar kesimida mavjud investitsiyaviy va iqtisodiy imkoniyatlarni atroflicha o‘rganish, “o‘sish nuqtalarini” aniqlash, har bir mahallaning iqtisodiy ixtisoslashuvini hisobga olgan holda aniq loyihalarni ishlab chiqish hamda ularning tashabbuskorlari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash topshirildi.
Alohida tartibda paxtani qayta ishlash va to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish holati o‘rganildi - tarmoqdagi korxonalar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash va paxtani qayta ishlashdan boshlanib, tayyor tikuv - trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq tovar - xomashyo zanjirini tashkil etishga qaratilgan yangi investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirish zarurligi qayd etildi.
Aholini infratuzilmaviy ob'ektlar va ijtimoiy xizmatlar bilan ta'minlashda mavjud muammolarni inventarizasiya qilish, ularni bartaraf etish maqsadida mas'ul rahbar va muddatlarni ko‘rsatilgan holda alohida yo‘l xaritalarini ishlab chiqish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.
Hozirgi kunda ishchi guruhlar viloyatda mavjud muammolarni o‘rganish va ularni hal qilishning samarali algoritmlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni davom etmoqda. Olib borilgan ish yakunlari bo‘yicha Xorazm viloyatini 2021-yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning manzilli dasturi tuziladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi