Milliy matbuot markazida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mutasaddilari ishtirokida “Mahallalarda uchrayotgan ijtimoiy muammolar, soha rivojining huquqiy asoslari hamda bu boradagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida bugun mahalla tizimida olib borilayotgan ishlar, mavjud muammolar, sohaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida vazirlik mutasaddilari tomonidan OAV xodimlari va blogerlarga zarur ma'lumotlar berib o‘tildi.
Matbuot anjumanida dastlab so‘z olgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Marufova so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi bilan yaqindan muloqot qilish, ularni qiynayotgan masala va muammolarni zudlik bilan bartaraf etish, bu orqali odamlarning bugunidan rozi bo‘lib yashashini ta'minlash yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, xalqimiz, ayniqsa, xotin-qizlar turmush darajasini oshirish masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganligini alohida qayd etib o‘tdi.
Tadbirda ta'kidlanganidek, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida vazirlik xotin-qizlarning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 11 ming nafar xotin-qizga banklar tomonidan 1 trln. so‘mdan ortiq kreditlar ajratilishiga ko‘maklashildi. Shu bilan birga joriy yilning o‘zida 1127 nafar xotin-qizga uy-joy sotib olish uchun Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 19 mlrd. 426 mln. so‘m miqdoridagi boshlang‘ich badallar to‘lab berildi.
Qolaversa, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, bu borada aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida 90 200 nafar fuqaroga kredit olishga, 41 230 nafariga subsidiyalar ajratishga ko‘maklashildi, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish uchun 10 741 nafar fuqaroga kredit olishga, 34 268 nafariga subsidiyalar ajratishga ko‘maklashildi.
Matbuot anjumanida mahallalarda osoyishtalikni ta'minlash, jinoyatchilikni oldini olish, huquqbuzarliklarga qarshi samarali kurashish, shuningdek, joriy yilning may oyida Sardoba suv omborida kuzatilgan texnogen falokat tufayli yuzaga kelgan talofatlarni bartaraf etish, ofatdan zarar ko‘rgan aholiga har tomonlama yordam berish, yangi uylarni taqsimlash va aholining ushbu uylarga ko‘chib o‘tishini tashkil etish borasida mahalla tizimi xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan atroflicha ma'lumot berdi.
Tadbirda ta'kidlanganidek, Vazirlikning “1146” qisqa raqamli Ishonch telefoni tashkil etilgani mamlakatimiz fuqarolarining sohaga oid barcha murojaatlari, savol va takliflarini 24 soat davomida uzluksiz onlayn shaklda qabul qilish, bu orqali aholi bilan muloqot jarayonlarini yanada soddalashtirish, ayniqsa, xotin-qizlar hayotiga oid turli ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, bir so‘z bilan aytganda, fuqaro murojaatlarini hal etishda uchrayotgan mavjud muammolarga samarali yechim bo‘lmoqda.
Matbuot anjumani davomida Vazirlikning Yuridik bo‘lim boshlig‘i Shoira Umarova so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda vazirlikni tashkil etilishi yuzasidan bo‘layotgan turli fikr va munosabatlarga to‘xtalib, mahalla institutining jamiyatimiz hayoti, mamlakatimiz taraqqiyotidagi tutgan o‘rni va ahamiyatini oshirish, uni xalqchil va odamlarning yaqin maslakdoshi, dardi va muammolariga sherik bo‘ladigan noyob tuzilmaga aylantirishda yangi vazirlik mahallaga har tomonlama ko‘mak va suyanch bo‘layotganligini ta'kidladi.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar va blogerlar tomonidan berilgan va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholidan kelib tushgan mavzuga oid savollarga vazirlik mutasaddilari tomonidan atroflicha javob berib o‘tildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi