O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jahon turkologiyasining buyuk obidasi «Qutadg‘u bilig»ni o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi
2020-11-28 | Madaniyat
ANQARA, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 27-28 noyabr kunlari «Jahon turkologiyasining buyuk obidasi «Qutadg‘u bilig» va uni o‘rganishning dolzarb masalalari» mavzusida xalqaro onlayn-konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Anjuman Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tomonidan O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, Turkiy Kengash, TURKSOY, Turkiyaning Istanbul, Marmara, Anqara, Xajettepe universitetlari, Etvosh Lorand nomidagi Budapesht universiteti, Boku davlat universiteti, M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti, K.Karasayev nomidagi Bishkek davlat universiteti, Qozon Federal universiteti hamda Sankt-Peterburg davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil qilindi.
«Qutadg‘u bilig» dostonining 950 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ushbu yirik xalqaro konferensiyada Turkiy Kengash hamda uning aʼzo va kuzatuvchi davlatlari diplomatik missiyalari, turli mamlakatlar oliy taʼlim va ilmiy muassasalarining 200 dan ortiq vakili ishtirok etdi.
Konferensiyada «Qutadg‘u bilig»ning jahonshumul ahamiyati, asarning manbashunoslik va matnshunoslik asosidagi tadqiqi, g‘oyasi, poetikasi, tili, uslubiy xususiyatlari, Yusuf Xos Hojib merosi va sharq sivilizatsiyasi, falsafiy fikrlar taraqqiyoti singari muhim va dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Onlayn-konferensiyada ishtirok etgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi o‘rinbosari Mirvohid Azimov o‘z chiqishida Turkiy kengash bu kabi tadbirlar o‘tkazilishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Shuningdek, ulug‘ mutafakkir ajdodlarimizning so‘nmas xotirasi va merosini abadiylashtirish, ularning timsolida turkiy dunyoning ilm-fan va maʼrifat ruhini jahon hamjamiyatiga tarannum etish turkiy xalqlar oldida turgan ezgu vazifa ekanini taʼkidladi. Shu munosabat bilan, turkiy til va madaniy meʼrosni keng targ‘ib qilish uchun buyuk mutafakkir Mahmud al-Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asarini o‘rganish va uning asosiy jihatlarini yoshlar orasida targ‘ib qilishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazish taklif qilindi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi