O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 27-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov bilan Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri P.Siyyarto o‘rtasida videokonferensiya shaklida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar ikki mamlakatdagi joriy epidemiologik vaziyat va koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida fikr almashdilar, shuningdek, O‘zbekiston-Vengriya sherikligining kun tartibidagi dolzarb masalalari va uni ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar yaratishga yo‘naltirilgan investisiyaviy hamkorlikning salohiyatli yo‘nalishlari muhokama qilindi va sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish uchun ustuvor vazifalar qayd etildi.
Hozirgi vaqtda Vengriya sheriklari bilan qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, parrandachilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, shuningdek, to‘qimachilik, farmatsevtika va oziq-ovqatni ishlab chiqarish sohalarida sanoat kooperatsiyasining 37ta investitsiyaviy loyihalari amalga oshirilishi boshlab yuborilgan.
Shu nuqtai nazardan tomonlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish uchun platforma sifatida O‘zbekiston-Vengriya ishbilarmonlar Kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni tezkor ravishda imzolash imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.
Joriy yilning 10 oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini bergan o‘zaro savdodagi ijobiy tendensiyalar qayd etildi. Shu nuqtai nazardan ikki tomonlama savdoni yanada kengaytirish, uning diversifikasiyasi va muvozanatini ta'minlash, jumladan, o‘zaro savdo missiyalarini tashkil etish, savdo uylarini ochish va har ikki mamlakatda o‘zbek va venger ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarining ko‘rgazmalarini tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tomonlar keyingi yig‘ilishi 2021-yil yanvar oyida Budapesht shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Vengriya Hukumatlararo komissiyasining faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan keyingi qadamlarni muhokama qildilar.
Alohida tartibda ilm-fan va ta'lim sohasidagi o‘zaro aloqalar masalalariga to‘xtalib o‘tildi - Vengriyaning Debresen universiteti filialini O‘zbekistonda ochish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan bitimning amaliy ahamiyati qayd etildi. Kelgusidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun Vengriyaning Debresen universiteti rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Muzokaralar yakunida yuzaga kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal qilishga va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda o‘zaro yordam berishga imkon beradigan o‘zaro manfaatli sohalar doirasidagi muntazam muloqotni rivojlantirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi