O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hokimlarning tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hisobotlari tinglanmoqda
2020-11-24 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Kun tartibiga ikkita masala – hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi hamda xizmatlar sohasini rivojlantirishga doir kelgusi vazifalar muhokamasi kiritilgan.
Ma’lumki, yil boshida har bir viloyat, tuman va shahar hokimi xalqqa murojaat qilib, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq rejalarini belgilab olgan edi. Ularni amalga oshirish maqsadida, bu yilgi murakkab sinovlarga qaramasdan, biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli resurslar ajratib, barcha zarur sharoitlar yaratildi.
Yig‘ilishda, avvalo, hokimlar va sektor rahbarlarining asosiy vazifasi va zimmasiga olgan majburiyati – yangi ish o‘rinlari yaratib, ehtiyojmand oilalarni “temir daftar”dan chiqarish borasidagi ishlar natijadorligi ko‘rib chiqilmoqda.
Masalan, Sirdaryo viloyatida 10 oyda 12 mingta doimiy ish o‘rni tashkil etilgan. Natijada “temir daftar”ga kiritilgan ishsiz fuqarolarning qariyb 90 foizi bandligi ta’minlangan.
Xuddi shunday, Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri va Kitob tumani, Navoiy viloyatining Qiziltepa, Uchquduq, Navbahor tumanlari va Zarafshon shahrida ko‘p ish o‘rni yaratilgani qayd etildi. Shu bilan birga, bu borada ahvol qoniqarsiz bo‘lgan tumanlardagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi.
- Har bir hududda tadbirkorlikni rivojlantirishning katta resurslari bor. Faqat uni ishga solish kerak. Hudud rahbarlari har kuni bu haqda o‘ylashi va izlanishi lozim, - dedi davlatimiz rahbari.
Mazkur yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida jami 4 trillion so‘m ajratish belgilangan edi. Lekin yil davomida qo‘shimcha mablag‘lar ham yo‘naltirildi, aholi va tadbirkorlarga jami 5,2 trillion so‘m imtiyozli kreditlar berildi.
Yig‘ilishda ushbu mablag‘larning samaradorligi tahlil qilindi. Misol uchun, Shovot tumanida 26 milliard so‘m oilaviy kredit ajratilib, bir yarim mingta ish joyi yaratilgan. Ya’ni, 1 milliard so‘m kreditga 56 ta yangi ish o‘rni to‘g‘ri kelgan.
Bu ko‘rsatkich Qo‘shrabotda 57 ta, Muzrabotda 49 tani tashkil etgan.
Bugungi kunda tadbirkorlarning qariyb 1 trillion so‘mlik yangi loyihalari uchun kreditlarga talabi borligi qayd etildi. Moliya vazirligiga yangi jalb etilgan yevroobligatsiya mablag‘laridan 1 trillion so‘mni Xalq banki, Mikrokreditbank va Agrobankka oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun resurs sifatida joylashtirish vazifasi qo‘yildi.
Xalq bankiga xotin-qizlar tadbirkorligi uchun loyihalar tayyorlab, ularni o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishni o‘rgatish topshirig‘i berildi. Bunda bank xodimlari ayollar bilan mijozbay, mahallabay, tumanbay bevosita ishlashi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan imtiyozlar natijasida 10 oyda 78 mingta korxona tashkil etilgan. Xususan, Xovos tumanidagi yangi kichik sanoat zonasida 7 ta loyiha natijasida 500 ta ish o‘rni yaratilgan. Umuman, tumanda jami 170 ta yangi korxona ochilgan.
Lekin Yozyovon, Uchtepa, Shofirkon va Bekobod tumanlarida faol tadbirkorlarni ko‘paytirish bo‘yicha ishlar tanqid qilindi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga bunday joylarda tadbirkorlarga har tomonlama ko‘mak berish bo‘yicha “biznes-patronaj” tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Pandemiya davrida vaqtincha ishlamay turgan 96 mingta korxona o‘z faoliyatini tiklagani qayd etilib, qolgan biznes sub’ektlariga ham bu borada ko‘maklashish muhimligi ta’kidlandi.
Hududlarda tadbirkorlarni yer masalasi ko‘p qiynayotgani, bu borada ko‘plab murojaatlar bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda joylarda infratuzilmani yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Rivojlanishdan orqada qolayotgan 22 ta tuman uchun investitsiya dasturi doirasida 264 milliard so‘m, boshqa hududlar uchun qo‘shimcha 736 milliard so‘m yo‘naltirilishi qayd etildi.
Ish o‘rinlari tashkil etish, tadbirkorlar muammolarini hal qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash borasida o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘ygan Buxoro, Jondor va Sirdaryo tuman hokimlarini lavozimidan ozod etish masalasi qo‘yildi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hokimlarning hisobotini mahalliy kengashlarda muhokama qilib, faoliyatiga baho berish, shuningdek, 2021-yil uchun aniq rejalarni belgilash muhimligi ta’kidlandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti