O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
"Uzbekistan Travel" sayyohlik jurnalining ilk soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2020-11-24 | Turizm
Poytaxtdagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida sayyohlik yo‘nalishidagi “Uzbekistan Travel” jurnalining birinchi soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ochib berdi.
"Uzbekistan Travel" ko‘p yillar davomida mamlakatimiz haqida ijobiy imij shakllantirib kelayotgan taniqli sayyohlik brendidir. Ushbu brend ilk bora 2013 yilda ishlab chiqilgan. Shu vaqt davomida mazkur brend ostida bir-biridan ajoyib loyihalar amalga oshirildi, rasmiy sayohat portali, ijtimoiy xizmatlar yaratildi, ko‘plab festivallar va biznes tadbirlar o‘tkazildi. Ko‘p yillar davomida “Uzbekistan Travel” brendi ostida mamlakatimizning yirik xalqaro ko‘rgazmalari, shuningdek xorijiy mamlakatlardagi boshqa tadbirlarda yagona stend bilan ishtirok etib kelmoqda. Bugun sizning diqqatingizga butunlay yangi loyiha - “Uzbekistan Travel” jurnalini havola qilamiz. Xalqaro miqyosdagi "Uzbekistan Travel" sayyohlik nashri – bu mamlakatimizning noyob sayyohlik imkoniyatlariga yangicha qarash demak”, - dedi Bosh vazir o‘rinbosari.
Xalqaro miqyosdagi "Uzbekistan Travel" sayyohlik nashri mamlakatimizning noyob sayyohlik imkoniyatlari, yangi yo‘llar va yo‘nalishlar, zamonaviy va etnik joylashtirish vositalari, O‘zbekistondagi to‘laqonli va xavfsiz dam olishning turli xil variantlariga butunlay yangicha qarashdir. Noyob nashr Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi” tomonidan ishlab chiqildi. “
Uzbekistan Travel” jurnalining birinchi nashri homiysi va sherigi sifatida “Meros” ijtimoiy xayriya jamg‘armasi ishtirok etdi. Tadbirda shuningdek “Milliy PR-markazi” direktori Dilfuza Samandarova hamda “Meros” xayriya jamg‘armasi Vasiylik kengashi rahbari Oybek Norinboyev ham bilan chiqish qilib, jurnalni tayyorlash jarayonlari va uning istiqboli xususida so‘z yuritishdi.
Taʼkidlash joizki, bugungi dunyodagi epidemiologik vaziyat va pandemiyaning jahon sayyohlik sanoatiga salbiy taʼsiri tufayli xavfsiz turizmni rivojlantirish masalasi juda dolzarb. “Uzbekistan Travel” jurnalining ilk soni ham aynan shu mavzuga bag‘ishlandi. Pandemiya sharoitida mamlakatimizda xavfsiz turizmni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston hukumati tomonidan “Uzbekistan.
Safe travel GUARANTEED" loyihasi ishga tushirildi. Loyiha sayyohlarning sanitariya-epidemiologik xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha jahon standartlari asosidagi chora-tadbirlar kompleksini o‘z ichiga olgan. Taqdimot doirasida O‘zbekistondagi xavfsiz turizm loyihasining konsepsiyasi namoyish etildi, jurnal sahifalarida esa uning batafsil bayoni mavjud. O‘zbekistonga sayyohlarni jalb etish va dunyo hamjamiyatini mamlakatimizning xavfsiz turizm borasidagi imkoniyatlari bilan tanishtirish maqsadida tadbirda mazkur loyihaning imkoniyatlarini ochib beruvchi maxsus rolik ham namoyish etildi. Qo‘shimcha reallik texnologiyalari "Uzbekistan Travel" jurnalining yana bir yutug‘iga aylandi. O‘quvchilar jurnal sahifalaridagi maxsus QR-kod orqali O‘zbekistonning sayyohlik go‘zalligi haqidagi noyob videokontentlarni ko‘rishi, qadimiy o‘zbek taomlarini tayyorlash bo‘yicha mahorat darslaridan bahramand bo‘lishi va noyob, diqqatga sazovor sayyohlik maskanlariga onlayn sayohat qilishi mumkin.
Ichki turizmni rivojlantirish va mamlakatimiz bolalari va yoshlarida sayohat madaniyatini tarbiyalash maqsadida ushbu tadbirda diyorimizning turistik maskanlari qayd etilgan O‘zbekistonning bolalar sayyohlik xaritasi va "Uzbekistan travel" turizm portalida yosh sayyohlar uchun ishlab chiqilgan yangi bo‘lim ham namoyish etildi. Taqdimot yakunida mehmonlar O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylarida noyob virtual sayr qilish, o‘zbek milliy oshxonasining durdonalaridan bahramand bo‘lish va chinakam o‘zbekona mehmondo‘stlik muhitiga sho‘ng‘ish imkoniga ega bo‘lishdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi