Sayyor qabul davomida fuqarolardan uy-joy ajratish, moddiy yordam tayinlash, ishga joylashtirish, yo‘llarni ta'mirlash, aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash kabi 20 ga yaqin murojaatlar kelib tushdi.
E'tiborlisi, joyida hal qilish imkoni bor muammolarga o‘sha yerning o‘zida yechim topildi, ijrosi muayyan vaqt hamda mablag‘ talab etadigan masalalar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilanib, mas'ullar tomonidan nazoratga olindi.
Jumladan, “Saidlar” mahallasida istiqomat qiluvchi Muborak Abdullayeva va Muhabbat Madrimovaning ishga joylashish masalasida qilgan murojaatlari qo‘llab-quvvatlanib, ularning har ikkisining ham bandligi ta'minlandi.
Shuningdek, sayyor qabulda “Sayopir” mahalla fuqarolar yig‘inidan ishtirok etgan Zaynab Madrimova hamda Durdibibi Allaberganovaning o‘g‘li Jasur Shomurotovni ishga joylashtirish masalasida yordam so‘rab qilgan murojaatlari ham e'tiborga olinib, ular tuman Bandlikka ko‘maklashish markazidagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirildi va bandligi ta'minlandi.
Qolaversa, qabul davomida fuqaro Ro‘za Bazarbayevaga uy-joy muammosi bo‘yicha boshlang‘ich badal pulini to‘lab berish orqali ko‘mak beriladigan bo‘ldi. Buning uchun fuqaroga tumandagi uy-joy komissiyasiga ariza bilan murojaat qilish va ro‘yxatga turish tushuntirildi. Shuningdek, “Muhabbat” mahallasida yashovchi Nargiza Ortiqovaning uy-joy masalasidagi murojaati bo‘yicha ham mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilib, ijrosi qat'iy nazoratga olindi.
Shu bilan birga, “Navbahor” mahallasida istiqomat qiluvchi Qadam Madrimovning mahalla hududiga ichimlik suvi o‘tkazib berish hamda “Yoshlik” mahallasidan Erkin Xo‘jayevning mahallaga tungi yoritish chirog‘i o‘rnatish va yo‘llarni ta'mirlash masalasidagi murojaati bo‘yicha ham zarur chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi ta'minlandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi