Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Toshkent shahridagi mahallalarga tashrif buyurdi
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov mahalla tizimida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida poytaxtimizdagi Al Xorazmiy, “Do‘mbirobod” va “Katta Qozirobod” mahallalariga tashrif buyurdi.
Dastlab R.Mamatov Al Xorazmiy mahallasida xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Xususan, mahalla hududida faoliyat yuritayotgan hamda 45 nafar xotin-qiz ish bilan ta'minlangan tikuv sexida bo‘lib, korxona quvvatini yanada oshrish bo‘yicha mas'ullarga ko‘rsatma va takliflar berdi.
Shundan so‘ng, vazir R.Mamatov “Do‘mbirobod” mahallasining yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan yangi binosida amalga oshirilayotgan qurilish ishlarini borib ko‘rdi. Mahalla faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda mazkur bino aholi murojaatlari bilan ishlash, odamlarni qiynayotgan muammolarga yechim topishda soha xodimlariga bir qator qulayliklar yaratishi va ularning samarali faoliyat yuritishiga xizmat qilishi ta'kidlandi.
Shuningdek, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan “Katta Qozirobod” mahallasi binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham odamlarni tadbirkorlikka o‘rgatish, ularda biznes qobiliyatini shakllantirish borasida so‘z yuritilib, mahallada maishiy xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini kengaytirish, bu orqali aholi bandligini ta'minlash zarurligi qayd etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi