Xorazm viloyatini jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganish ishlari davom etmoqda
Joriy yilning 21-22 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligidagi Hukumat komissiyasi a'zolari vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarini jalb qilgan va joylarga chiqqan holda Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning joriy holatini o‘rganish va uning jadal o‘sishini rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning monitoringini olib bordilar.
Viloyatda olib borilgan ishlar davomida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va ularni hal etishning samarali algoritmlarini ishlab chiqish maqsadida tadbirkorlar va investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlari bilan manzilli uchrashuvlar o‘tkazildi.
Shuningdek, hududda mavjud bo‘lgan o‘sish nuqtalari va foydalanilmayotgan iqtisodiy zaxiralardan foydalangan holda investitsiya va sanoat faolligini oshirish borasidagi keyingi amaliy qadamlar muhokama qilindi.
Infratuzilmaviy va ijtimoiy ob'ektlarning bugungi holati ham ko‘rib chiqildi va natijalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalariga e'tibor qaratgan holda, aholini ommabop ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olishni maksimallashtirish maqsadida ushbu ob'ektlar faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi.
12ta guruh rahbarlarining viloyat iqtisodiyotining hozirgi holati, qishloq xo‘jaligi, sanoat, tadbirkorlik, qurilish, axborot-kommunikasiya tarmog‘i, infratuzilmaviy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish sohalaridagi dolzarb muammolar to‘g‘risidagi hisobotlari o‘rganildi.
Taqdim etilgan ma'lumotlar asosida mutasaddi rahbarlarga mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularning amaliy ijrosiga kirishish topshirildi.
Shuningdek, viloyatning har bir shahar va tumanining iqtisodiy salohiyati hamda aholining mavjud muammo va ehtiyojlarini hisobga olgan holda viloyatni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning manzilli dasturini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni tezlashtirish topshirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi