Gidrometeorologiya sohasidagi ta'lim muassasalarini tubdan isloh qilish bugungi kunning dolzarb talabi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri maslahatchisi O.Umarov va Gidrometeorologiya xizmati markazi Bosh direktori Sh.Habibullayev Gidrometeorologiya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 21-noyabr kuni Toshkent gidrometeorologiya texnikumi va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurishdi.
Toshkent gidrometeorologiya texnikumiga tashrif davomida texnikumning faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi va quyidagi vazifalar belgilandi:
- Texnikumning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
- o‘quv dasturlarini xalqaro tajribalarni o‘rgangan holda qayta ko‘rib chiqish;
- yangi o‘quv adabiyotlarni tayyorlash va nashr ettirish;
- Markaziy Osiyo mamlakatlaridan o‘quvchilarni jalb etish;
-Texnikumda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘zgidromet xodimlarining malakasini oshirish dasturlarini ishlab chiqish.
Bugungi kunda O‘zbekiston Milliy universiteti Geografiya va tabiiy resurslar fakul'tetida Gidrometeorologiya sohasida jami 259 nafar talabalar, shuningdek, 4 ta magistratura mutaxassisliklarida jami 45 nafar bo‘lajak magistrlar tahsil olmoqdalar.
O‘zMUga tashrif davomida Gidrometeorologiya sohasida kadralar tayyorlash bo‘yicha mavjud muammolar o‘rganildi, olib borilayotgan faoliyat xorijiy tajribalarga qiyosiy taqqoslandi. O‘rganishlar yakunida sohada kadrlar tayyorlashni tubdan isloh etish va O‘zMU negizidagi yangi Gidromteorologiya fakul'tetini tashkil etish bo‘yicha bajariladigan birinchi galdagi vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan:
- o‘quv rejalarni qaytadan qo‘rib chiqish, o‘quv laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, yangi laboratoriyalar tashkil etish, yangi adabiyotlarni tayyorlash va nashr ettirish;
- Amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarini O‘zgidrometda tashkil etish. Bunda soha xodimlarini ishtirokini ta'minlash, ishlab chiqarish amaliyotlari sifatini oshirish, har bir amaliyotchi talabaga alohida mutaxassislarni biriktirish;
- Yangi tashkil etiladigan Gidrometeorologiya fakul'teti tuzulmasini nufuzli oliy ta'lim maussasalari tajribasi asosida tuzish;
- Fakultetda yangi «Meteorologiya» va «Atrof-muhit monitoringi» bakalaviatura ta'lim yo‘nilishlarini tashkil etish choralarini ko‘rish;
- Talabalarning yozgi va qishki o‘quv dala amaliyotlarini samarali tashkil etish maqsadida O‘zMUga qarashli O‘quv-amaliyot bazasini xalqaro standartlarga mos zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta'minlash. «Hozirgi kunda talabalar o‘quv-dala amaliyotini 1960-80 yillarda ishlab chiqarilgan qurilmalar, asbob-uskunalar yordamida o‘tashi va amaliyot bazasi binolarini talabga mos kelmasligi bois qishki amaliyotlarni umuman o‘talmasligi malakaliy kadrlar tayyorlashning eng katta muammolaridan biridir», deb ta'kidlab o‘tdi O.Umarov.
Gidrometeorologiya sohasida malakaliy kadrlar tayyorlashni isloh qilishga qaratilgan tashrif yaqin kelajakda albatta o‘z samarasini berishiga ishonamiz.
Manba: Gidrometeorologiya xizmati markazi