“Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi doirasida respublikamiz bojxona organlarida ham sohani raqamlashtirish, ilg‘or va innovatsion texnologiyalarni keng tadbiq etishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-iyundagi “Bojxona ma'muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-6005-sonli Farmoni bojxona ma'muriyatchiligini isloh etish, «qog‘ozsiz va elektron bojxona»ning mantiqiy davomi va rivojlanishi bo‘lgan «raqamli bojxona»ni shakllantirishga munosib xizmat qilmoqda.
Mazkur Farmon bilan tasdiqlangan 2020-2023 yillarda bojxona ma'muriyatchiligini isloh qilish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosi doirasida bojxona proseduralarini raqamlashtirish bo‘yicha rejali ishlar olib borilmoqda.
Konsepsiyada xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlarning bojxona xizmatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida amalga oshiriladigan qator tadbirlar belgilab olingan.
Shulardan biri, O‘zbekiston Respublikasida TIR-karnet kitobchalari asosida tashuvlarni elektron rasmiylashtirishni nazarda tutuvchi «E-TIR» loyihasini joriy etishni nazarda tutadi.
Mazkur topshiriq ijrosini ta'minlash maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan «E-TIR» axborot tizimi ishlab chiqildi va pilot loyiha sinov tarzida ishga tushirildi.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Ark buloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida mazkur loyihaning dastlabki taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xalqaro avtomobil' transporti Ittifoqi, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, Germaniya xalqaro aloqalar jamiyatining "Markaziy Osiyoda savdo hamkorligi" loyihasi, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda O‘zbekiston xalqaro avto tashuvchilar Assosiasiyasi vakillari ishtirok etdi.
Ta'kidlash joizki, koronavirus pandemiyasi yuzaga keltirgan murakkab davrda tovarlarni bojxona chegaralari orqali olib o‘tishni soddalashtirish va tezlashtirish, yuklarni tashi uchun munosib transport infratuzilmasi va kommunikasiyalaridan maksimal darajada foydalanish, shuningdek, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni zudlik bilan hal etish muhim zaruratga aylandi.
Mazkur «E-TIR» loyihasi esa qonuniylikni ta'minlash, davlat byujetiga bojxona to‘lovlarini to‘g‘ri va to‘liq undirish, bojxona qonunbuzilishlariga chek qo‘yish kabi vazifalardan chekinmagan holda bojxona rasmiiylashtiruvini yengillashtirish orqali tashqi savdoni jadallashtirish imkonini beradi.
Ayni shu jihati bilan «E-TIR» loyihasi bojxonachilarning ham, tashuvchilarning ham va albatta, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining manfaatlariga birdek himoya qiladi.
Elektron TIR loyihasi - xalqaro «E-TIR» tizimi 1975-yil Jenevada imzolangan “Yuklarni xalqaro yo‘llarda tashish daftarchasini qo‘llagan holda yuklarni xalqaro tashish to‘g‘risidagi Bojxona konvensiyasi qoidalariga muvofiq milliy bojxona tizimlari o‘rtasida tovar va transport vositalari, konteynerlarning xalqaro tranziti uchun xavfsiz ma'lumotlar almashinuvini ta'minlashga xizmat qiladi.
«E-TIR» pilot loyihasi dastlabki bosqichda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ishga tushirildi. Yuk avtotransport vositalari "E-TIR" pilot loyihasi asosida tashuvni amalga oshirishiga start berildi.
O‘zbekiston Respublikasida TIR-karnet kitobchalari asosida tashuvlarni elektron rasmiylashtirishni nazarda tutuvchi "E-TIR" loyihasining taqdimoti Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining "Yallama” chegara bojxona postida davom etdi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab yaqinda to‘liq qayta rekonstruksiya qilingan "Yallama" chegara bojxona posti faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Mazkur postda "Raqamli bojxona" tamoyilini amalga oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
"E-TIR" pilot loyihasi doirasida "Ark-buloq" tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postidan yo‘lga chiqqan yuk avtotransport vositalari "Yallama" chegara bojxona postiga yetib keldi.
Mazkur holatda qo‘shni davlatga eksport qilinayotgan maishiy texnika buyumlarining TIR-karnet kitobchalari asosidagi tashuvi ilk bor elektron ravishda rasmiylashtirildi. Sodda qilib aytganda loyiha doirasidagi ilk tashuv muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirildi.
Xo‘sh, mazkur tizimning yana qanday foydali jihatlari mavjud?
Birinchidan, elektron TIR xavfsizlikni ta'minlash va xatarlarni boshqarish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarini taqdim etadi va shu bilan birga firibgarlik xolatlarini keskin kamaytiradi.
Ikkinchidan, xalqaro hamkorlikning bu shakli barcha manfaatdor tomonlarga ma'muriyatchilik sezilarli darajada kamaytirishga va tovarlarni yetkazishning global boshqaruvi tizimi afzalliklaridan maksimal darajada foydalanish imkoniyatini beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, «E-TIR» tizimining joriy etilishi tashqi savdoda axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish, mamlakatning eksport va tranzit salohiyatini oshirish, shuningdek, ishonchli va xavfsiz yo‘l transporti koridorlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Dаvlаt bоjхоnа qo‘mitаsi