Joriy yilning 18-noyabr kuni zo‘ravonlik qurbonlari bilan ishlash va ularga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish sohasida ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida “Reabilitasiya markaz (shelter)larini samarali boshqarish va yuritish: Shvetsiya tajribasi” mavzusida onlayn o‘quv-seminari tashkil etildi.
Seminar-trening O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta'minlash komissiyasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining “Davlat boshqaruvida va ijtimoiy-siyosiy hayotda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” qo‘shma loyihasi doirasida, Shvetsiya hukumatining moliyaviy ko‘magi yordamida tashkil etildi.
Treningda Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitasiya qilish va moslashtirish va o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari rahbarlari va xodimlari hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tizimidagi xodimlar ishtirok etishdi.
Ayollar huquqlarini himoya qilish va zo‘ravonlik qurbonlari bilan ishlash bo‘yicha Shvetsiyalik yetakchi mutaxassislar va ekspertlar zo‘ravonlik qurbonlari bilan muloqot qilish usullari, reabilitasiya markazlari (shelterlar) faoliyatini tashkil etish, ijtimoiy yordam olish va mablag‘ yig‘ish haqida so‘zlab berishdi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Marufova, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Doina Munteanu trening ahamiyatiga to‘xtalarkan, bugungi pandemiya sharoitida dunyo bo‘ylab xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ko‘payganligi hamda bunday vaziyatda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarni reabilitasiya qilish institutlarining faoliyati muhim ahamiyat kasb etayotganligini ta'kidlab o‘tishdi.
Zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar uchun Shelterlar uyushmasi (UNIZON)ning ayollar huquqlari va homiylik masalalari bo‘yicha mutaxassisi Mariya Byorson ishtirokchilarni Shvetsiyadagi reabilitasiya markazlarining turlari, zo‘ravonlik qurbonlarining ularga murojaat qilish mexanizmlari, mamlakatdagi barcha shelterlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va ularda jamoaviy ishlarni tashkil etish bilan tanishtirdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi