O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro ayollar tadbirkorligi kuniga bag‘ishlangan haftalik boshlandi
2020-11-18 | Jamiyat
"Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan 21 noyabr – Xalqaro ayollar tadbirkorligi kuniga bag‘ishlab yirik ma’rifiy haftalik boshlandi.
16-21 noyabr kunlari yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan Ayollar tadbirkorlik haftaligi o‘z ishbilarmonlik g‘oyalarini amalga oshirish istagida bo‘lgan xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar berishi shubhasiz.
Ma’lumki, Xalqaro ayollar tadbirkorligi kuni dunyoning 144 mamlakatida 2014-yildan boshlab keng nishonlanib kelinadi. 2016 yildan boshlab “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Xalqaro ayollar tadbirkorligi kuni (Womens Entrepreneurship Day – WED) global tashabbusiga qo‘shilgan.
An’anaviy haftalik bu yil 16-21 noyabr kunlari o‘tkazilib, mamlakatimizning turli hududlarida ayollar biznesining tajribali vakillari bilan birga tadbirkorlikni endi boshlayotgan yosh xotin-qizlar ishtirok etadigan rang-barang onlayn va an’anaviy tadbirlarni o‘zida qamraydi. Bu sana tanishuvlar, tajriba almashish va muhokamalar vositasida butun jahon ayollarining qaysidir ma’noda birdamligi, yakdilligini ta’minlamoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
"Cheklov choralari va dunyodagi iqtisodiy vaziyat sharoitida ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash” bu yilgi haftalikning bosh mavzusi hisoblanadi. Ushbu loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad xotin-qizlarning o‘z biznesini boshlashi va uni rivojlantirishi uchun ilg‘or tajriba, g‘oya, bilim va tashabbuslarni ommalashtirish maqsadida mazkur yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan barcha opa-singillarimizni yagona maydonda birlashtirishdan iboratdir.
Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro bozorlarga chiqish, innovatsiyalarni rivojlantirib xorijiy sarmoyalarni jalb qilish uchun ayollar tadbirkorligining mavjud muammolarini tahlil etish, biznes muhitni yanada takomillashtirish, tadbirkor ayollarga ko‘rsatiladigan xizmat sifatini oshirishdek maqsadlar ham ushbu haftalikdan ko‘zda tutilgandir.
Haftalik davomida yurtimizning turli hududlari tadbirkor ayolarining ish tajribasiga oid onlayn tarzdagi davra suhbatlari, konferensiyalar, mahorat darslari, "Ayollarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka jalb qilishda davlat tashkilotlari bilan hamkorlik ahamiyati va istiqbollari" mavzusidagi anjuman, «O‘zbekiston ishbilarmon bloger ayollar muvaffaqiyatlari», «Agrobiznes boshlayotgan xotin-qizlar muvaffaqiyatlari omili» mavzusida Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha bo‘yicha davra suhbatlari, taqdimotlar, forumlar bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, “Sifatning Yevropacha standartlari bo‘yicha hamkorlik”, "Cheklov choralari va dunyodagi iqtisodiy vaziyat sharoitida ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash” mavzusida konferensiyalar, "To‘qimachilik sanoati rivoji istiqbollari. O‘zbekiston va Pokiston hamkorligi" mavzusida Pokiston va O‘zbekiston to‘qimachi ayollar muloqoti ham ishbilarmon ayollar uchun qiziqarli bo‘lishi shubhasiz.
N.USMONOVA
Manba: O'zA