O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2020-11-15 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘lamini kengaytirish, sohaga bosqichma-bosqich tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish, tibbiy xizmatlar bozorida zamonaviy raqobat muhitini yaratish, shu asosda aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida:

1. Sog‘liqni saqlash vazirligining Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini (keyingi o‘rinlarda – tajriba-sinov loyihasi) amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki, tajriba-sinov loyihasi doirasida:

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor, uning o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat terapiya va pediatriya yo‘nalishlari bo‘yicha yordamchilari, patronaj hamshiralari va doyadan tashkil topgan guruhlar tuziladi;

har bir tibbiyot muassasasi darajasida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi (keyingi o‘rinlarda – kafolatlangan paket) ishlab chiqiladi;

kafolatlangan paket birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va shifoxonalarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga taqdim etiladi. Bunda oilaviy shifokor har bir muassasa turi bo‘yicha tibbiy xizmatlar hajmi va klinik protokollarga muvofiq tor soha shifokorlariga va zarur hollarda tuman, viloyat hamda respublika darajasidagi shifoxonalarga yo‘llanmalar beradi. Respublika darajasidagi shifoxonalarga yo‘llanmalar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda, shuningdek, kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda ko‘rsatiladi;

aholining sog‘lig‘i bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarini monitoring qilish, ularni tibbiyot muassasasiga biriktirish, kasallik tarixini yuritish, dori vositalari uchun retsept yozish va kafolatlangan paketga muvofiq tibbiyot muassasalariga yo‘naltirish yagona elektron platforma orqali amalga oshiriladi;

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlarining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) ishlab chiqilib, unga erishilganligi monitoring qilinadi hamda natijalariga qarab qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lanadi;

kafolatlangan paket asosida aholining barcha qatlamlariga sifatli va to‘liq tibbiy yordam ko‘rsatilishini moliyalashtirishga qaratilgan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

3. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.M.Xadjibayev), Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.I.Norqulov) bilan birgalikda 2021 yil 1 fevralga qadar tajriba-sinov loyihasi doirasida:

kafolatlangan paketga kiritiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalari hajmini;

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlari faoliyatini baholash mezonlari hamda rag‘batlantirish tartibini tasdiqlasin.

4. Tajriba-sinov loyihasi doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tibbiy profilaktika va patronaj tizimi yo‘lga qo‘yilsin:

aholini mavjud xavf omillaridan kelib chiqib xavf guruhlariga bo‘lish;

o‘rta va yuqori xavf guruhlariga kiruvchi aholining belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘riklardan o‘tishini ta’minlash va salomatligini davriy kuzatuvga olish;

yuqori xavf guruhiga kiruvchi va mustaqil ravishda tibbiyot muassasasiga kela olmaydigan bemorlarni doimiy kuzatuvga olish hamda uyiga borgan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish;

profilaktik ko‘riklar o‘rniga hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, muayyan kasalliklar bo‘yicha maqsadli skrining tekshiruvlarini o‘tkazish;

patronaj ko‘riklarini optimizatsiya qilib, yangi maqsadli patronaj tizimini joriy qilish.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Sh.Inoyatov):

bir oy muddatda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida Sirdaryo viloyati birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlariga joriy qilinayotgan yangi tibbiy profilaktika va patronaj tizimini o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil qilsin;

tajriba-sinov loyihasi yakunlariga ko‘ra mazkur bandda nazarda tutilgan tizimni respublikaning boshqa hududlarida qo‘llash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

5. Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) 2020-yil 1-dekabrdan tashkil etilsin va uning ijro etuvchi apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 46 nafar etib belgilansin.

Bunda, Jamg‘armaning shtat birliklarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar kelgusida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari shtat birliklarini maqbullashtirish natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

Quyidagilar Jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish, boshqarish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta’minlash;

aholining barcha qatlamlarini kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan ta’minlash maqsadida tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etish;

tajriba-sinov loyihasi doirasida Davlat byudjetidan kafolatlangan paketni moliyalashtirish maqsadida ajratiladigan mablag‘larni jamlash, boshqarish, ularning maqsadli va samarali sarflanishini tashkil etish;

tajriba-sinov loyihasining natijalariga ko‘ra, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish.

6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq tajriba-sinov loyihasi doirasida 2021-yil 1-iyuldan boshlab:

Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlarini moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan mablag‘lar (kapital qo‘yilmalar, fan va ilmiy izlanishlar, emlash va boshqa maqsadli dasturlar uchun ajratiladigan mablag‘lar bundan mustasno) Jamg‘armaning alohida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga xarajatlar tasnifining bir satrida bosqichma-bosqich o‘tkazib beriladi;

Jamg‘arma tibbiyot tashkilotlari bilan shartnomalar tuzish orqali ular faoliyatini moliyalashtirib boradi. Bunda, tuman (shahar) va viloyat darajasidagi shifoxonalarga ajratiladigan mablag‘larning 10 foizidan kam bo‘lmagan qismi har bir davolangan holatlar soni hamda bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqib belgilanadi;

kafolatlangan paket asosida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham jalb qilinishi mumkin;

ajratilgan byudjet mablag‘larining samaradorligi va natijadorligi Jamg‘arma tomonidan doimiy monitoring qilib boriladi;

kafolatlangan paketni belgilash, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini baholash hamda uning tasdiqlangan standartlarga muvofiqligini monitoring va nazorat qilish Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

7. Quyidagilar:

Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq;

Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom 3-ilovaga muvofiq;

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijro etuvchi apparatining vaqtinchalik tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Kuzatuv kengashining (keyingi o‘rinlarda – Kuzatuv kengashi) tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Kuzatuv kengashi (L.N.Tuychiyev, A.Sh.Inoyatov) quyidagilarni ta’minlasin:

a) 2020-yil yakuniga qadar:

Jamg‘arma xodimlarini tibbiyot, iqtisodiyot, moliya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va Jamg‘arma zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar orasidan to‘ldirish;

tibbiyot muassasalari xodimlari, ulardagi mavjud tibbiy texnika va tibbiyot buyumlari hamda axborot texnologiyalari jihozlarini xatlovdan o‘tkazib, elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish;

xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jamg‘arma, Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi va tibbiyot muassasalari xodimlari uchun sog‘liqni saqlash tizimini tashkil qilish, davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish hamda yangi kiritilayotgan tibbiy yo‘nalishlarga qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish;

b) 2021-yil 1-mayga qadar:

tibbiyot muassasalariga biriktirilgan aholini xatlovdan o‘tkazib, ularning sog‘ligi va kasallanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish;

kafolatlangan paket uchun to‘lovlarni natijaga asoslangan moliyalashtirish usullari (jon boshiga moliyalashtirish, davolangan holat, bajarilgan ishlar natijalari va boshqalar) orqali amalga oshirish mexanizmi va Jamg‘armaga Davlat byudjetidan mablag‘larni moliyalashtirish tartibini tasdiqlash;

tibbiyot muassasalarida aholiga kafolatlangan paket asosida tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur moddiy texnik bazani yaratish;

v) 2021-yil 1-iyulga qadar:

“elektron poliklinika” va davlat tibbiy sug‘urtasining axborot tizimlari hamda ma’lumotlar bazasini yaratish va to‘liq ishga tushirish;

davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida faoliyat ko‘rsatadigan tibbiyot tashkilotlari bilan tegishli shartnomalar tuzish.

Kuzatuv kengashiga tajriba-sinov loyihasi doirasida va o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlar berilsin:

zarur moliyaviy, statistik va boshqa ma’lumotlarni davlat organlari va tashkilotlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olish;

manfaatdor vazirlik va idoralardan zarur mutaxassislarni jalb qilish;

Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimida tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, davlat tibbiyot muassasalari va ularning xodimlari uchun belgilangan normativ va talablarga o‘zgartirish kiritish, shu jumladan, yangi mutaxassisliklar kiritish, tibbiyot muassasalari profilini o‘zgartirish;

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan ma’qullangan xalqaro klinik protokollar, kasalliklar va holatlarga tashxis qo‘yish hamda ularni davolashning tibbiy uslublarini belgilash.

9. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Sh.Inoyatov) va Sirdaryo viloyati hokimligi (G‘.G‘.Mirzayev) ikki oy muddatda viloyat darajasidagi tibbiyot muassasalari faoliyatini o‘rganib, ular negizida “tibbiyot klasteri”ni tashkil qilish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

samarasiz faoliyat yuritayotgan bo‘g‘inlarni qisqartirish, qayta moslashtirish va boshqaruv xarajatlarini maqbullashtirish;

Guliston tibbiyot kolleji negizida tibbiyot oliy ta’lim muassasasini tashkil etish uchun xususiy sektorni jalb qilish.

10. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov):

Sirdaryo viloyatida tibbiyot muassasalarining tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, aholi sog‘ligini monitoring qilib borish imkonini beruvchi yagona elektron platformani yaratish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligining hisob-kitoblariga muvofiq zarur mablag‘larni ajratsin;

tajriba-sinov loyihasi doirasida tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larining 100 foizi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining tibbiyot xodimlari faoliyatini baholash mezonlaridan kelib chiqib, ularni rag‘batlantirishga yo‘naltirilsin;

tajriba-sinov loyihasi doirasida oilaviy shifokorlarni zarur tibbiy buyumlar va ambulator sharoitda davolash uchun dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘larning 5 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha mablag‘ ajratsin. Bunda ushbu mablag‘lar Sog‘liqni saqlash vazirligining markazlashgan tadbirlari uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilsin;

Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish uchun zarur mablag‘larni asoslantirilgan hisob-kitoblar bo‘yicha 2020-yilda Davlat byudjeti parametrlarida sog‘liqni saqlash sohasi uchun nazarda tutilgan mablag‘larning cheklangan miqdorlari doirasida ajratsin va 2021-yildan boshlab har yili tegishli yil uchun byudjet parametrlarida nazarda tutsin;

Jamg‘armaga 3 ta xizmat avtotransporti, shu jumladan, 2 ta shaxsan biriktirilgan yengil avtomobil va 1 ta navbatchi mikroavtobus sotib olish va saqlashga limit ajratsin.

11. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Jamg‘arma uchun Toshkent va Guliston shaharlarida bino ajratilishini ta’minlasin.

12. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M.Sadikov):

Sirdaryo viloyati tibbiyot muassasalarining o‘tkazuvchanligi yuqori bo‘lgan optik tolali aloqa liniyalari orqali Internet tarmog‘iga ulanishini;

Jamg‘armani belgilangan tartibda zarur aloqa vositalari, shu jumladan, hukumat aloqasi bilan ta’minlasin.

13. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.M.Xadjibayev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning alohida bandlari ijrosini samarali tashkil etish yuzasidan harakatlar rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.M.Xadjibayev, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Sh.Inoyatov va Sirdaryo viloyati hokimi G‘.G‘.Mirzayev belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.Tuychiyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

          Prezidenti                    Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2020-yil 12-noyabr

Manba: O'zA

Поделиться