Qashqadaryo viloyatini jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha birinchi darajali chora-tadbirlar belgilab olindi
Joriy yilning 14-noyabr kuni videokonferensiya shaklida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qashqadaryo viloyatiga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida hududni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida berilgan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarilishiga qaratilgan birinchi darajali chora-tadbirlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda eksport va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha Hukumat komissiyasi a'zolari, vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimliklar, tarmoq va xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari, O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda joriy yilning o‘tgan o‘n oyi davomida viloyatda 728,2 mlrd so‘m miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilib, 394 loyiha amalga oshirilgani va 1,6 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgani ta'kidlandi. Prognozlarga ko‘ra, joriy yil oxiriga qadar umumiy qiymati 1,9 trln so‘mlik 259 investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 3,1 mingdan ortiq qo‘shimcha ish o‘rni tashkil etish imkoni yaratiladi.
Viloyatda 2021-2022 yillarda umumiy qiymati 28 trln so‘mlik 950 investitsiya loyihasi amalga oshirilishi, shu jumladan, hududiy investitsiya dasturi doirasida 2020-yilning 1-iyuliga qadar foydalanishga topshirilishi lozim bo‘lgan 59 yirik sanoat investitsiya loyihasini amalga oshirish belgilangan.
Qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun ushbu ob'ektlarning har biriga Vazirlar Mahkamasining investitsiya majmuasi tarkibiga kiruvchi vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari, shuningdek Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining rahbar va xodimlari biriktirildi. Ularning vazifalariga loyihalarning amalga oshirilishini doimiy nazorat qilib borish va yuzaga kelayotgan muammolarni hal etishda ularning tashabbuskorlariga samarali yordam ko‘rsatish masalalari kiradi.
Biriktirilgan rahbarlarga har bir loyiha bo‘yicha tarmoq jadvallarini ishlab chiqish va ularni iloji boricha tezroq amalga oshirishni boshlash topshirildi.
Hududning iqtisodiy salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida iqtisodiyotning aniq sohalarida viloyatning har bir tuman va shahar ixtisoslashuvini hisobga olgan holda hamda har bir tumanda aniqlanayotgan “o‘sish nuqtalari”ga asoslanib 15 yirik yangi sanoat loyihalari (10 mln dollardan ortiq) va 110 o‘rta miqyosli loyihalarni (5-10 mln dollar) shakllantirish vazifasi belgilandi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi 2020-yilning 1-sentabriga qadar ta'minlanadi.
Bundan tashqari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda viloyat tuman va shaharlarining investitsiya va sanoat imkoniyatlarini chuqur tahlil qilish asosida yangi istiqbolli investitsiyaviy takliflarni ishlab chiqadi. Undan keyin mahalliy hokimiyat organlari tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda loyihalar tashabbuskorlarini, aniq bo‘sh ob'ektlar va yer uchastkalariga biriktirilgan holda ularning joylashuvini, moliyalashtirish manbalarini va amalga oshirish muddatlarini belgilash bo‘yicha ishlar olib boriladi.
Shuningdek, mas'ul rahbarlarga sanoat va qishloq xo‘jaligi, investitsiyalar, eksport, uy-joy va infratuzilmaviy qurilish, ijtimoiy rivojlanish va aholi bandligini ta'minlash sohalarini qamrab olgan 8ta asosiy yo‘nalish kesimida Qarshi shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining hozirgi holatini o‘rganish, mavjud muammolar tahlilini amalga oshirish va ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Viloyatning har bir tuman va shahrida kichik sanoat zonalarini yaratish va ularni zarur muhandislik kommunikasiyalarga ulash, yer uchastkalari, bo‘sh bino va inshootlarni ajratish, kimyo sanoati va mashinasozlik sohalarida yuqori texnologiyali sanoat ishlab chiqarish ob'ektlarini barpo etish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega to‘qimachilik ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha tashabbuslar Qashqadaryo viloyatida kelgusida olib boriladigan faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha har bir vazifa uchun mas'ul rahbarlar, ijro etish muddatlari, idoralararo hamkorlik qilish tartibi va amalga oshirishning monitoringini olib borish mexanizmlari belgilandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi