O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Konigil” fuqarolar yig‘iniga “turizm qishlog‘i” maqomi berildi
2020-11-13 | Turizm
«Konigil» qishlog‘i – sayyohlar dam olishi, xalq amaliy sanʼatidan zavq olishi, milliy urf-odatlar, anʼanalar va taomlar bilan tanishishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan ajoyib turistik maskan. Ushbu nodir sayyohlik obyekti Samarqand viloyatining Samarqand tumanida joylashgan.
Joriy yilning 16-oktabr kuni turistik obyektning tantanali ochilish marosimi doirasida “Konigil” fuqarolar yig‘iniga “turizm qishlog‘i” maqomini tasdiqlovchi sertifikat topshirildi. Sertifikatni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Samarqandga tashrifi doirasida fuqarolar yig‘ini raisiga topshirdi. Shuningdek turizm qishlog‘i ochilishi marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining departament va boshqarma boshliqlari hamda boshqa masʼul shaxslar ishtirok etishgan.
O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi O‘zbekiston «Respublikasida turizm sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, 2019-yil 1-noyabrdan boshlab Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi eng yuqori turizm salohiyatiga ega bo‘lgan fuqarolar yig‘inlari (shaharcha, qishloq, ovullar hamda shahar, shaharcha, qishloq va ovullarning mahallalari) ro‘yxatini shakllantiradi. Mazkur fuqarolar yig‘inlari hududlarida 20 tadan kam bo‘lmagan oilaviy mehmon uylari tashkil etilganda va sayyohlar uchun kamida besh xil xizmat turi (yashash va/yoki ovqatlanish bo‘yicha xizmatlardan tashqari) ko‘rsatilgan taqdirda, ularga “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog‘i” yoki “Turizm ovuli” maqomini beradi.
Qishloq aholisi hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va, albatta, o‘z mehmondo‘stligi bilan mashhurdir. Majmua hududida mehmonlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Oilaviy mehmon uylari, dam olish zonalari, piyoda yo‘laklari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va boshqalar shular jumlasidandir. Bu yerda sayyohlar dam olishi, go‘zal tabiatdan bahra olishi, Siyob anhori bo‘ylab sayr qilishi va milliy taomlardan tatib ko‘rishi mumkin.
Dunyoga mashhur Samarqand qog‘ozini ishlab chiqarishdan tashqari, mashhur “Konigilmeros” hunarmandchilik markazida kulollar, duradgorlar, qadimgi anʼanalar asosida o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Shunisi eʼtiborliki, “Konigil”ga tashrif buyurgan har bir mehmonda shu joyning o‘zida ishlab chiqarilgan yog‘da tayyorlangan oshni tatib ko‘rish imkoniyati bor.
Qishloq hududida mehmonlar uchun Samarqand nonlarini tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari o‘tkaziladigan nonvoyxona faoliyat yuritadi.
Bundan tashqari, bu yerda mahalliy anʼanalarni aks ettiradigan animatsiya markazlari faoliyat yuritadi. Yuqoridan turib go‘zal tabiat manzarasidan bahra olishni xush ko‘ruvchilar uchun maxsus pavilyon mavjud.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi